Shu kunlarda Avstriyaning Vena shahrida Atom energiyasi xalqaro agentligi (MAGATE) tomonidan “Radioaktiv chiqindilar bilan muomalada bo‘lish va yadroviy ob’ektlarni foydalanishdan chiqarish to‘g‘risidagi nizom loyihasini ishlab chiqish“ mavzusida mintaqaviy tadbir o‘tkazilmoqda.
Unda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi Radiatsiya va yadro xavfsizligi departamenti xodimi Otabek Eshmurodov ishtirok etmoqda.
Ta’kidlash joizki, mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad MAGATEga a’zo davlatlarning radioaktiv chiqindilar, ishlatib bo‘lingan yopiq ionlashtiruvchi nurlanish manbalarini nazorat qilish va yadroviy ob’ektlarni xalqaro xavfsizlik standartlariga muvofiq foydalanishdan chiqarish bo‘yicha me’yoriy hujjatlar ishlab chiqishda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

28 fevralga qadar o‘z ishini davom ettiradigan ushbu tadbirda qator masalalar yuzasidan muhokamalar tashkil etilyapti.
Qo‘mita axborot xizmatining xabar berishicha, 17-21 fevral kunlari Vena shahrida MAGATE tomonidan tashkil etilgan “Radioaktiv chiqindilar va ishlatib bo‘lingan yadro yoqilg‘isi bilan muomalada bo‘lish va kichik modulli reaktorlarni (KMR) foydalanishdan chiqarish“ mavzusidagi texnik yig‘ilish ham bo‘lib o‘tdi. Unda ushbu tashkilotning Radiatsiya va yadro xavfsizligi departamenti xodimi Jalil Yusupov ekspert sifatida ishtirok etdi.

Yig‘ilishda MAGATEga a’zo davlatlarning radioaktiv chiqindilar va ishlatib bo‘lingan yadro yoqilg‘isi bilan muomala tajribasini o‘rganishga e’tibor qaratildi. Shuningdek, bu jarayondagi texnik, xavfsizlik va me’yoriy jihatlarni muhokama qilish, KMRlarni ob’ekt faoliyatining barcha bosqichlarida foydalanishdan chiqarish masalalari tahlil qilindi.

Qo‘mita axborot xizmatiga ko‘ra, tadbir davomida radioaktiv chiqindilar bilan muomalada xavfsizlikni ta’minlash, KMRlarni joylashtirish uchun infratuzilma ehtiyojlarini shakllantirish, axborot almashish uchun xalqaro platforma yaratish hamda KMR dizaynerlari va tegishli tashkilotlar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA