So‘nggi yillarda O‘zbekiston qurilish materiallari sanoati jadal rivojlanmoqda. Milliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari nafaqat ichki bozorda, balki xalqaro miqyosda ham tobora ko‘proq tan olinmoqda.
Bu jarayonda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi yetakchi o‘rin tutib, mahalliy mahsulotlarni “Made in Uzbekistan” brendi ostida targ‘ib qilish va eksport salohiyatini oshirishga katta e’tibor qaratyapti. Uyushma tashabbusi bilan qator mamlakatlarda savdo uylari va shourumlar ochilib, yurtimizda ishlab chiqarilgan yuqori qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar taqdim etilmoqda.

Ayni paytda Boku, Dushanbe, Laxor, Qobul, Mozori Sharif, Oqtau va Jalolobod shaharlarida savdo maydonlari faoliyat yuritmoqda. Ularda qurilish uchun zarur bo‘lgan qator zamonaviy mahsulotlar, ya’ni gipsokarton listlari, keramika buyumlari, metall profillar, bo‘yoq va lak vositalari, issiqlik izolyatsiyasi materiallari namoyish etilmoqda.

Shu bilan birga, Moskva va Qozon shaharlari hamda AQSHning Nyu-Jersi shtatidan shourum va savdo omborlari ochish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Bu tashabbuslar mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini yanada kengroq bozorlarga olib chiqishga xizmat qiladi.
Uyushma axborot xizmatiga ko‘ra, “Made in Uzbekistan” brendi tobora ko‘proq mamlakatlarda tan olinishi mahalliy ishlab chiqaruvchilarning xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini mustahkamlashda muhim qadam bo‘lmoqda.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA