Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot institutida yevrokodlarni joriy etish bo‘yicha xalqaro seminar-trening bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbir Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan TAIEX INTPA — “Technical Assistance and Information Exchange Instrument for International Partnerships” grant loyihasi doirasida tashkil etilmoqda.

Loyiha doirasida O‘zbekistonda yevrokodlarni implementatsiya qilish (joriy etish) yuzasidan Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlardan ekspertlar yurtimizga tashrif buyurdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, mamlakatimizda vazirlik huzuridagi Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari tomonidan standartlashtirish sohasini rivojlantirishda Yevropa Ittifoqidagi qurilish inshootlarini konstruktiv loyihalash bo‘yicha Yevropa Kengashining yevrokodlarini amaliyotga joriy etish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Yevrokodlar O‘zbekistonda qurilish industriyasi raqobatbardoshligi va eksportbopligini oshiradi. Shuningdek, mahalliy va xalqaro investorlarni keng jalb qilish hamda ularning faoliyatiga to‘siq bo‘luvchi omillarni bartaraf etish, shuningdek, Jahon savdo tashkiloti (JST)ga a’zo bo‘lish bo‘yicha davlat siyosati va mamlakat manfaatlarini himoya qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Yevrokodlarda keltirilgan standartlar birlamchi talablar hisoblanadi. Shu bois, yevrokodlar sinov laboratoriyalari, standartlashtirish tizimlari va uslublari, qurilish materiallari sanoati, sifat menejmenti, kadrlar salohiyati va boshqa zarur infratuzilma bilan integrallashgan holda rivojlantirib boriladi.

Bunda yevrokodlarni hamda unda keltirilgan standartlarni respublikamizda qabul qilish orqali qurilish materiallari va buyumlari uchun Yevropa sertifikatlarini olish xarajatlari qisqaradi, Yevropa Ittifoqi qonunchiligiga javob beruvchi mahsulotlarni ishlab chiqarish va ularning Yevropa bozorlariga erkin kirib borishiga imkon yaratiladi.

Buning uchun qabul qilinishi rejalashtirilayotgan har bir yevrokod to‘liq amaliyotga joriy etilishini ta’minlovchi standartlardan 30 dan ortiq xalqaro va Yevropa standartlarini qabul qilish ishlari amalga oshirilmoqda.
Tadbir davomida yevrokodlarning ahamiyati, ularning amaliy qo‘llanilishi, qurilish normalari va standartlari tizimiga integratsiyalashuvi bo‘yicha keng qamrovli tushunchalar berildi hamda muhokamalar o‘tkazildi.
Xalqaro anjuman 30 mayga qadar davom etadi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA