Milliy kinologiya markazida "Chegara bojxona postlarida giyohvandlik vositalarini qidirish bo‘yicha xizmat itlarini tayyorlash va ulardan foydalanish xususiyatlari" mavzusida mintaqaviy o‘quv-amaliy seminar o‘z ishini boshladi.
Mazkur seminar MDHga a’zo davlatlarning bojxona xizmatlari rahbarlari Kengashining doimiy ishlaydigan Ishchi organi — huquqni muhofaza qilish bo‘linmalari rahbarlari qo‘mitasi faoliyati doirasida o‘tkazilmoqda.

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi, Qozog‘iston va Qirg‘iziston bojxona xizmatlari vakillari ishtirok etmoqda.
Dastlab ishtirokchilar Milliy kinologiya markazi faoliyati, uning tuzilishi, o‘quv bazasi va xizmat itlarini tayyorlash imkoniyatlari bilan tanishdi.

Seminar doirasida nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tish, shu jumladan chegara bojxona postlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan sayyor o‘quv mashg‘ulotlar natijasida jarayonlar bilan yaqindan tanishish nazarda tutilgan.
Bunday tadbirlar o‘zaro tajriba almashish, kasbiy tayyorgarlik darajasini oshirish va qo‘shni mamlakatlarning kinologiya markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Seminar 24 oktyabr kuniga qadar davom etadi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA