2025 yilning 15-17 oktyabr kunlari Toshkent davlat tibbiyot universitetida “Qozog‘iston tibbiyoti kunlari” hamda “O‘zbekiston –Qozog‘iston tibbiyot yoshlarining do‘stlik haftaligi” o‘tkazildi.
Xalqaro forumda TDTU talabalari Qozog‘istonning yetakchi tibbiyot oliygohlari rahbarlari bilan ochiq muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Muloqotlarda Asfendiyarov nomidagi Qozog‘iston milliy tibbiyot universiteti rektori Marat Shoranov, Qarag‘anda tibbiyot universiteti rektori Baxit Kosherova, Semey tibbiyot universiteti rektori Altay Dyusupov, G‘arbiy Qozog‘iston tibbiyot universiteti prorektori Nurgul Abenova ishtirok etdi.

Haftalik doirasida talabalar o‘rtasida jarrohlik va stomatologiya bo‘yicha olimpiadalar, sport tadbirlari, fan olimpiadalari, ilmiy-amaliy konferensiyalar, mahorat darslari va davra suhbatlari o‘tkazildi. Rektorlar “Ta’limda yetakchilik”, “Ayollar ilmida innovatsiyalar”, “Tibbiyot kelajagi bizda” kabi mavzularda ma’ruzalar o‘qib, yoshlarga ilhom bag‘ishladi.

O‘zbekiston va Qozog‘iston tibbiyot yoshlarining do‘stlik tadbirlari doirasida Toshkent davlat tibbiyot universitetida "Xirurgiya" va "Stomatologiya" fanlari bo‘yicha xalqaro olimpiadalar, spartakiada musobaqalari, tibbiyot universitetlari rektorlarining ma’ruzalari va talaba-yoshlar bilan ochiq muloqotlari, ilmiy forum va loyihalar ko‘rgazmasi hamda g‘oliblarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Taqdirlash marosimida Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori Shuhrat Boymurodov mamlakatimizda tibbiyot sohasi mutaxassislarini tayyorlashga katta ahamiyat berilayotgani, bu jarayon tubdan takomillashib borayotganini ta’kidladi. G‘oliblikni qo‘lga kiritgan talabalarni tabriklab, diplom va esdalik sovg‘alari topshirdi.
Mohigul Qosimova, O‘zA