Qozog‘iston Sirdaryo oqimi bo‘yicha O‘zbekistondan quyida joylashgan. Mamlakatlarimizni faqat daryoning o‘zi emas, boshqa suv manbalari ham bir-biriga bog‘laydi. Misol uchun, Sirdaryodan suv oluvchi va O‘zbekistonning Toshkent va Sirdaryo viloyatlaridan o‘tuvchi “Do‘stlik” kanali orqali Qozog‘istonning Turkiston viloyati Yettisoy va Maxtaaral tumanlaridagi ekin maydonlari sug‘oriladi.
Chirchiq daryosi havzasidan “Zax”, “Xonum” va “Katta Keles” kanallari orqali Qozog‘istonning Turkiston viloyati Sariog‘och, Qazig‘urt tumanlari suv bilan ta’minlanadi.
Qozog‘iston hududidagi Chordara suv omboridan O‘zbekiston hududidagi Arnasoy suv omboriga suv olish imkoniyati mavjud.
Bugungi kunda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida transchegaraviy suv resurslaridan birgalikda foydalanish masalalari konstruktiv ruhda hal etib kelinmoqda.
Hamkorlikning huquqiy asosi sifatida 1992 yilgi ko‘p tomonlama bitim hamda 2016 yilda tashkil etilgan qo‘shma ishchi guruh faoliyati xizmat qilmoqda. Ushbu ishchi guruhning maqsadi suv xo‘jaligi sohasidagi barcha yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqishdan iborat. O‘tgan davrda qo‘shma ishchi guruhining 12 ta yig‘ilishi o‘tkazildi.
O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligining yana bir muhim yo‘nalishlaridan biri Tojikiston bilan birgalikda har yili uch tomonlama imzolanadigan bayonnomalar orqali “Bahri Tojik” suv omborining yozgi ish rejimini muvofiqlashtirish amaliyotidir. Bu amaliyot O‘zbekiston va Qozog‘istonda vegetatsiya davrida suv ta’minotini yanada yaxshilash hamda mavsumni muvaffaqiyatli o‘tkazishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston tomonlari Tojikistonga sug‘orish va qirg‘oqni mustahkamlash ishlari uchun texnika, uskuna va yoqilg‘i-moylash materiallari shaklida beg‘araz moddiy yordam ko‘rsatadi.
Misol sifatida aytadigan bo‘lsak, 2025 yil 30 may kuni “Bahri Tojik” suv omborining 2025 yil iyun-avgust oylarida ishlash rejimi bo‘yicha navbatdagi uch tomonlama bayonnoma imzolandi.
Bu yil sug‘orish mavsumida Sirdaryo havzasida suv taqchilligi kuzatildi. O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Qozog‘iston energetika va suv xo‘jaligi vazirliklari rahbarlari hamkorlikda muammolarni hal etishdi. Mavsum har bir mamlakat uchun muvaffaqiyatli o‘tishiga erishildi.
Bundan tashqari, Qozog‘iston bilan ikki tomonlama aloqalar doirasida davlatlararo suv xo‘jaligi ob’ektlaridan foydalanish, ish jadvallarini tezkor muvofiqlashtirish va ma’lumot almashish orqali resurslarni samarali boshqarish masalalari ham ko‘rib chiqilmoqda.
Ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Qozog‘iston Respublikasi Hukumati o‘rtasida transchegaraviy suv ob’ektlarini hamkorlikda boshqarish va ulardan oqilona foydalanish to‘g‘risidagi Bitim loyihasi bo‘yicha kelishuvga erishilgan bo‘lib, yaqin kunlarda imzolanishi rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, Qozog‘iston bilan birgalikda mintaqadagi suv resurslarini boshqarish bo‘yicha vaziyatni yaxshilash maqsadida “Transchegaraviy daryolar suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha mintaqaviy strategiya” hujjati loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, hozirgi kunda qolgan mintaqa davlatlari bilan kelishish jarayoni bo‘lib o‘tmoqda.
Mamlakatlarimiz suv xo‘jaligi sohasidagi mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashish yo‘lga qo‘yilgan. 2025 yilning mart oyida Toshkent shahridagi “Suvchilar maktabi”da Qozog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi va sug‘orish vazirligining 10 nafar xodimi uchun o‘quv seminarlari tashkil etildi.
Tajriba almashish doirasida shu yilning oktyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligining ikki nafar mutaxassisi Qozog‘istonning Ostona shahrida mintaqaviy treningda qatnashdi, shuningdek, besh nafar qozog‘istonlik mutaxassislar suv resurslaridan oqilona foydalanish, jumladan, suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish va kanallarni betonlash bo‘yicha mamlakatimiz tajribasini o‘rganish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurishdi.
Mintaqamizda suvning qadri va qiymati tobora o‘sib bormoqda. Mana shunday sharoitda barcha qo‘shni mamlakatlar, xususan, O‘zbekiston va Qozog‘iston transchegaraviy suv resurslaridan birgalikda va samarali foydalanib, xalqlarimiz farovonligini ta’minlash uchun mavjud imkoniyatlarni to‘liq ishga solmoqda.
Zokir Ishpo‘latov,
Suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari
O‘zA.