French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston-Qozog‘iston: ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi amaliy savdo va investitsiyaviy hamkorlik kengaytiriladi
15:19 / 2022-10-28

MDH Parlamentlararo Assambleyasi sessiyasi tadbirlari davom etmoqda.

Samarqanddagi “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm majmuasidagi Kongress markazida bo‘lib o‘tayotgan sessiya doirasida O‘zbekiston va Qozog‘iston Senatlari o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyaning uchinchi majlisi bo‘lib o‘tdi. 
 
Majlisda O‘zbekiston-Qozog‘iston munosabatlarini rivojlantirish istiqbollari, jumladan, ikki mamlakat Senatlari o‘rtasida 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi (yo‘l xaritasi)ni amalga oshirish holati va borishi muhokama qilindi. 
 
O‘zbekiston Senati raisi Tanzila Norboyeva ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi aloqalar faol rivojlanayotganini qayd etdi. Ular o‘rtasida qo‘shma loyihalar ilgari surilmoqda. Shu bilan birga, qardosh aloqalar kabi o‘zaro hamkorlik mexanizmidan foydalanishda parlament a’zolarini yanada faolroq jalb etish talab etiladi. Bunday aloqalar ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi amaliy savdo va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishi kerak. 
 
Dastlabki bosqichda Nukus va Atirau kabi birodar shaharlarga e’tibor qaratish lozim. Kelgusida ushbu shaharlar o‘zlarining ijobiy tajribalarini boshqa shaharlar bilan bo‘lishishi va ularga o‘rnak bo‘lishi mumkin. 
 
Majlis davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi hududlararo va transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirish, ikki mamlakat shaharlari o‘rtasidagi qardosh shaharlar aloqalarini mustahkamlash, Orol dengizi fojiasi oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi. 
 
Majlis yakunida tomonlar hamkorlik bo‘yicha komissiyaning to‘rtinchi majlisini o‘tkazish to‘g‘risida kelishib oldi. 
 
*** 
 
Shu kuni O‘zbekiston Senat raisi T.Norboyeva Qozog‘iston Senati raisi M.Ashimbayev boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv ham o‘tkazdi. 
 
Unda parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish, O‘zbekiston-Qozog‘iston o‘zaro manfaatli munosabatlarini, shuningdek, butun Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. 
 
Mintaqadagi davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni sifatli amalga oshirish uchun iqtisodiyot, turizm va qonun ijodkorligi masalalari bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali parlamentlararo muloqotni faollashtirish zarurligi ta’kidlandi. 
 
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar 2023 yilda Toshkent shahrida Qozog‘iston ayol ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum o‘tkazish, shuningdek, transport, sog‘liqni saqlash va mintaqaviy turizm sohasida hamkorlikni rivojlantirish, xususan, “Bir tur – butun mintaqa” qo‘shma dasturini amalda ro‘yobga chiqarish doirasida yangi yo‘nalishlarni ishlab chiqish orqali rivojlantirish choralarini ko‘rish bo‘yicha kelishuvga erishdi. 



N.Abduraimova, O‘zA