Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Qozog‘iston hududlararo biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
14:36 / 2022-12-21

21 dekabr kuni Toshkentda ikki qo‘shni mamlakatning asosiy vazirliklari, idoralari, tarmoq birlashmalari, Savdo-sanoat palatalari, xolding kompaniyalari rahbarlari hamda ishbilarmon doiralarining 400 dan ortiq vakillari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi.

Tadbirning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev va Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Savdo va integratsiya vaziri Serik Jumangarin so‘zga chiqdilar. Delegatsiyalar rahbarlari mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlashning ijobiy dinamikasini ta’kidlar ekan, bu borada ishbilarmon doiralarning faol o‘zaro hamkorligi muhim ahamiyat kasb etishini qayd etishdi. 

Ishtirokchilar e’tibori o‘zaro tovar ayirboshlashning o‘sish dinamikasiga qaratildi, so‘nggi yillarda bu ko‘rsatkich ikki baravar ko‘payib, 5 milliard dollarga yaqinlashdi. Marrani 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar ko‘rilmoqda, buning uchun yaqin kelajakda tegishli tashqi savdo infratuzilmasi yaratiladi. Investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasi sohasida ham dinamik o‘sish kuzatilmoqda. Oxirgi 5 yil ichida mamlakatimizda Qozog‘iston kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 5 barobarga ko‘payib deyarli 1200 tani tashkil etmoqda. 

Ayni paytda umumiy qiymati 3 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 30 dan ortiq qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Ishga solinmagan zaxira va imkoniyatlardan keng foydalanish asosida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida bir qator yo‘nalishlarda bevosita hududlararo aloqalarni kengaytirish, ikkala mamlakat hududida O‘zbekiston va Qozog‘iston viloyatlarining sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkalarini o‘tkazish, avtomobilsozlik, elektronika va elektrotexnika, energetika, farmatsevtika, kimyo va to‘qimachilik sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.   

– Xalqaro bozorlarga mahsulotlarimizni olib chiqish maqsadida qiyosiy ustunliklarimiz asosida yuqori texnologiyali korxonalarni tashkil etish hamda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni birlashtirish alohida ahamiyat kasb etadi, – dedi jumladan Jamshid Xodjayev.   

Xususan, o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalar sonini ko‘paytirish uchun ikki mamlakat ham ulkan salohiyatga egaligi ta’kidlandi. Zero, mamlakatlarimizda buning uchun zarur bo‘lgan sanoat, texnologik, mehnat resurslari va tabiiy boyliklar mavjud.  O‘zaro kelishib, g‘ayrat bilan hamkorlikda ish olib borilsa, o‘zaro hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqsa bo‘ladi. 

– O‘zbekiston biz uchun Markaziy Osiyodagi asosiy, ishonchli va istiqbolli hamkordir. Mamlakatlar o‘rtasida tobora rivojlanib borayotgan savdo aloqalari do‘stona munosabatlarimizning lokomotiviga aylandi. Qozog‘iston Markaziy Osiyo mintaqasida hamkorlikni rivojlantirishga katta ahamiyat beradi. Forumning o‘tkazilishi mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va jahon bozorida Markaziy Osiyo brendlarini yaratish muhimligining yana bir isbotidir, –dedi Serik Jumangarin. 

Forum davomida vazirlik, idoralar, tarmoq birlashmalari va viloyat hokimliklari rahbarlari, shuningdek, ikki davlat ishbilarmon doiralari vakillari taqdimotlar o‘tkazdilar. Ularda hamkorlik salohiyati atroflicha ochib berildi va hamkorlikda amalga oshirishga mo‘ljallangan tayyor istiqbolli loyihalar taklif etildi. Shuningdek, tadbir davomida bo‘lib otgan “B2B” va “G2B” muzokaralari chog‘ida o‘zaro hamkorlikning moliyaviy-texnik jihatlari va qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari muhokama qilindi.   

Tadbirlar yakunida delegatsiyalar rahbarlari O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada kuchaytirish, mustahkam ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish, qo‘shma loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishda tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga sodiqliklarini bildirdilar.   

Forum yakunlari bo‘yicha Samarqand va Turkiston shaharlari o‘rtasida savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risida Bitim, qishloq xo‘jaligi sohasiga doir investitsiya loyihalari va savdo shartnomalarini o‘zida mujassam etgan alohida “Yo‘l xaritasi”, shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan umumiy qiymati 3 milliard dollardan ortiq bo‘lgan kelishuvlar imzolandi. 

 

Saidmurod RAHIMOV, 

O‘zA muxbiri