Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston Respublikasi 17 ta xorijiy davlatga umumiy qiymati 4,4 million AQSH dollariga teng bo‘lgan 14 ming tonna qovun eksport qilgan. Bu natija o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8 ming tonnaga ko‘p bo‘lib, mamlakatning meva-sabzavot eksportidagi salohiyati ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Qovun eksportining oshishiga bir necha muhim omillar ta’sir qildi. Misol uchun, iqlimiy sharoitning qulayligi va erta hosil olish imkoniyati. Qolaversa, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini yetishtirishda agrotexnologiyalarning keng tatbiqi va logistika tizimining yaxshilanishi. Eksportbop navlarning yetishtirilishi va sifatga bo‘lgan e’tibor ham savdo hajmini kengaytirdi.

Eksport tarkibiga qaralganda, qovun eksportining asosiy ulushi qo‘shni va Yevropa mamlakatlariga to‘g‘ri kelmoqda:
Rossiya – 5 600 tonna
Qozog‘iston – 4 000 tonna
Qirg‘iziston – 3 000 tonna
Latviya – 603 tonna
Ukraina – 515 tonna
Germaniya – 254 tonna
Belarus – 249 tonna
Litva – 153 tonna
Boshqa davlatlardan 84 – tonna
Rossiya bozori, odatdagidek, asosiy xaridor bo‘lib qolmoqda – jami eksportning 30 foizdan ortig‘i aynan ushbu mamlakatga to‘g‘ri kelgan. Bu esa O‘zbekiston uchun Rossiya bozorining strategik ahamiyatini yana bir bor tasdiqlaydi.
Qozog‘iston va Qirg‘iziston kabi qo‘shni davlatlarga eksport hajmining yuqori bo‘lishi transport xarajatlarining pastligi va doimiy savdo aloqalarining mavjudligi bilan izohlanadi.
Bundan tashqari, Latviya, Germaniya va Litva kabi Yevropa davlatlarining ro‘yxatda bo‘lishi O‘zbekistonning qovun yetishtirishda xalqaro standartlarga mos kelayotganini anglatadi. Yevropa bozorlari sifat, sertifikatlashtirish va gigiyena borasida juda talabchan hisoblanadi.
O‘tgan yilga nisbatan 8 ming tonnalik o‘sish nafaqat eksport hajmining kengayganini, balki ishlab chiqarish hajmining ortganini va qovun yetishtiruvchilar bilan eksportyorlar o‘rtasida hamkorlik kuchayganini bildiradi.
O‘zbekiston 2025 yilning birinchi yarmida qovun eksportini keskin oshirishga erishdi. Bu o‘sish mamlakatning qishloq xo‘jaligida olib borilayotgan islohotlar, mahsulot sifatiga bo‘lgan e’tibor samarasidir. Kelgusida bu tendensiyani saqlab qolish uchun innovatsion yondashuv va global bozorlarda raqobatbardoshlikni ta’minlash dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA