O‘zbekiston Qizil Yarim oy jamiyati – 100 yoshda
Poytaxtimizda Toshkent shahar hokimligi, Xalqaro Qizil Xoch va Qizil Yarim oy jamiyatlari federatsiyasi va Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi hamkorligida “Muruvvat yo‘lida bir asr” shiori ostida konferensiya bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Qizil Yarim oy jamiyati tashkil topganiga 100 yil to‘lishi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda vakolatxona vakillari, ko‘ngilli a’zolar, faxriy mehmonlar, xodimlar va volontyorlar ishtirok etdi.

So‘zga chiqqanlar yurtimizda O‘zbekiston Qizil Yarim oy jamiyatining insonparvarlik, ezgulik va hamjihatlikni targ‘ib etishdagi beqiyos o‘rni, shuningdek, jamiyatning dolzarb yo‘nalishlardagi faoliyatini alohida qayd etdi.


Shu bilan birga, yillar davomida beg‘araz va beminnat xizmat qilib kelayotgan qator xodimlar, faxriylar hamda hamkor tashkilotlar vakillari O‘zbekiston Qizil Yarim oy jamiyatining maxsus ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA