Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida innovatsiya: AirFarm texnologiyasi amaliyotga tatbiq etiladi
14:59 / 2026-01-20

Aeroponika asosida faoliyat yurituvchi energiya tejamkor issiqxonalar qishloq xo‘jaligida innovatsion yechim sifatida tobora ommalashmoqda. Ushbu texnologiya o‘simliklarni tuproqsiz muhitda, maxsus tumanlashtirilgan ozuqa eritmalari orqali parvarishlashni nazarda tutadi. Natijada suv va o‘g‘it sarfi kamayadi, hosildorlik esa sezilarli darajada oshadi. Bunday issiqxonalarda energiyadan samarali foydalanish orqali yil davomida ekologik toza va barqaror mahsulot yetishtirish imkoni yaratiladi.

AirFarm texnologiyasi aeroponika asosida faoliyat yurituvchi, energiya tejamkor issiqxona tizimi bo‘lib, yil davomida barqaror hamda yuqori hosil olish imkonini beradi.

Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi direktori o‘rinbosari Oybek Omonov boshchiligidagi delegatsiya Koreya Respublikasida xizmat safarini amalga oshirmoqda. Safar davomida qishloq xo‘jaligida innovatsion texnologiyalarni joriy etish, ilmiy-tadqiqot ishlarini amaliyotga tatbiq qilish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.  

Xususan, tashkil etilayotgan muloqotlar jarayonida O‘zbekistonda zamonaviy issiqxona tizimi — AirFarm texnologiyasini joriy etish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Qiymati 150 ming AQSH dollari bo‘lgan 4 ta AirFarm uskunasini O‘zbekistonga beg‘araz taqdim etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Mazkur uskunalardan biri Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markaziga, qolgan uchtasi esa Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutiga o‘rnatilib, ularda salat bargi, ko‘katlar hamda mahalliy kartoshka navlari yetishtiriladi.

Muhayyo Toshqorayeva,

O‘zA