O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Andalusiyada
O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Ispaniyaning Andalusiya avtonom hududiga qarashli Kordoba provinsiyasida joylashgan Qishloq xo‘jaligi va baliqchilik bo‘yicha tadqiqot va o‘quv institutida bo‘ldi.
Tashrif davomida ilmiy tadqiqot, innovatsiya texnologiyalari va barqaror agrar rivojlanish masalalariga ixtisoslashgan mutaxassislar bilan uchrashuvlar o‘tkazildi. Samimiy va konstruktiv ruhda o‘tgan muloqot chog‘ida soha samaradorligini oshirish, resurs tejovchi texnologiyalarni joriy etish, urug‘chilik, o‘simliklar muhofazasi va agrar ta’lim yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish mavzulari muhokama qilindi.

Tomonlar tajriba almashish, qo‘shma loyihalar amalga oshirish hamda ilmiy markazlar o‘rtasidagi sheriklikni rivojlantirishga kelishib oldilar.
Mazkur tashrif O‘zbekiston agrar sohasiga innovatsion yondashuvlarni yanada kengroq tatbiq etishga xizmat qilishi shubhasiz.
M.Pirmatova, O‘zA