Poytaxtimizda O‘zbekiston va Qirg‘izistonda “yashil” investitsiyalar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga qaratilgan mintaqaviy loyiha taqdimotiga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston va Qirg‘izistonning atrof‑muhitni muhofaza qilish, qishloq xo‘jaligi, moliya hamda iqtisodiy taraqqiyot sohalari uchun mas’ul bo‘lgan vazirlik va idoralar mutasaddilari, shuningdek, Buyuk Britaniya va Germaniya Federativ Respublikasining mamlakatimizdagi elchixonalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik ikki davlatning barqaror va ekologik toza iqtisodiy o‘sishini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Mazkur mintaqaviy loyiha ikki mamlakatda ekologik xavfsiz investitsiyalar hajmini kengaytirishga to‘sqinlik qilayotgan asosiy muammolarni bartaraf etishga qaratilgan bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Qirg‘iz Respublikasi Iqtisodiyot va savdo vazirligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlikda amalga oshiriladi. Bu ishlardan ko‘zlangan maqsad iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash bo‘yicha moliyalashtirishdagi to‘siqlarni bartaraf etish va moliya sektorining “yashil” o‘zgarish jarayonini tezlashtirishga qaratilgan. Loyiha doirasida har bir mamlakatda kamida ikki tijorat banki uchun “yashil” moliyalashtirish mexanizmlari ishlab chiqilib, jami 50 million AQSH dollari miqdorida barqaror moliyalashtirishni safarbar etish rejalashtirilgan.
–Buyuk Britaniya O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlari, shuningdek, GIZ va GGGI bilan ushbu muhim tashabbus doirasida hamkorlik qilayotganidan mamnun. Iqlimga oid moliyani jalb etish moslashuv, barqarorlikni mustahkamlash va oldindan chora ko‘rish imkonini berib, mamlakatlarga iqlim xavflarini kamaytirish hamda aholining barqaror turmush darajasini ta’minlashga yordam beradi. Buyuk Britaniya ushbu tashabbus orqali mintaqaning barqaror o‘sishiga hissa qo‘shayotganidan faxrlanadi, – dedi Buyuk Britaniyaning Markaziy Osiyo bo‘yicha Tashqi ishlar va xalqaro taraqqiyot vazirligi (FCDO) rivojlanish bo‘yicha direktori Sara Kuper.
Tadbirda qayd etilganidek, loyiha doirasida har ikki mamlakatdagi iqlim moliyasining hozirgi holati tahlil qilinadi. “Yashil” moliyalashtirishga bo‘lgan talab va mavjud moliyaviy mahsulotlar, imkoniyatlar baholanadi. Fermerlar, korxonalar va moliya institutlari duch kelayotgan to‘siqlar aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqiladi. Bu tavsiyalar esa iqlim moliyasiga kirish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Yashil” iqtisodiyotni rivojlantirish departamenti rahbari Shahzod Islomovning so‘zlariga ko‘ra, iqlim moliyasini rivojlantirish va “yashil” siyosatga oid jamoatchilik xabardorligini oshirish muhim hisoblanadi.
–Shu bilan birga, O‘zbekistonning barqaror va past uglerodli iqtisodiyot sari yo‘li ustuvor yo‘nalishlardan biridir. Mahalliy banklarning “yashil” obligatsiyalar chiqarish tajribasi ijobiy natijalar berganini inobatga olgan holda, bu amaliyotni kengaytirish muhim ahamiyatga ega. Xalqaro hamkorlar bilan birgalikda biz uglerod neytralligi, yashil taksonomiya va iqlim moliyasini jalb etish bo‘yicha uzoq muddatli strategiyalar ishlab chiqmoqdamiz. Bu esa energiya samaradorligini oshirish, dekarbonizatsiya va iqtisodiyotning asosiy tarmoqlarini modernizatsiya qilishga xizmat qiladi, – dedi u.

Loyiha Jahon yashil rivojlanish instituti (GGGI) tomonidan amalga oshiriladi va uni Buyuk Britaniya hukumati moliyalashtirgan Kichik grantlar va iqlim innovatsiyalari jamg‘armaci (SGCIF) qo‘llab-quvvatlaydi. Bu jamg‘arma Germaniya hukumati topshirig‘iga binoan GIZ tomonidan amalga oshirilayotgan “Markaziy Osiyoda iqlim xavflarini boshqarish” mintaqaviy dasturining bir qismi hisoblanadi.
Seminarda davomida GIZ va GGGI vakillari Kichik grantlar va iqlim innovatsiyalari mexanizmi (SGCIF) hamda “Markaziy Osiyoda iqlim moliyasidagi to‘siqlarni bartaraf etish” loyihasi haqida taqdimot qildi.
Tadbir yakunida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlarni imzolash marosimi o‘tkazildi.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA