Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Qirg‘iziston. Tovar ayirboshlash 21 foiz o‘sgan
10:01 / 2023-01-26

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev Bishkek shahrida Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Baxit Toroboyev uchrashdi.

Suhbat davomida B.Toroboyev O‘zbekiston – Qirg‘iziston munosabati do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik ruhida jadal rivojlanib borayotganini qayd etdi. Bu yil mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanadi. Shu davr ichida uzoq yo‘l bosib o‘tildi, o‘zaro munosabatning mustahkam poydevori yaratildi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yil 11 oyi yakuniga ko‘ra, tovar ayirboshlash miqdori o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 21 foiz o‘sib, 500 million dollardan oshdi. Ayni ko‘rsatkichni 2 milliard dollargacha oshirish ko‘zda tutilgan.

O‘z navbatida Jamshid Xo‘jayev O‘zbekiston ikki tomonlama aloqani chuqurlashtirishga qaratilgan ishlarni, jumladan, hozirgacha imzolangan kelishuvlar doirasida davom ettirish niyatida ekanini ta’kidladi.

Avval xabar berilganidek, 26-27 yanvar kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iz Respublikasiga davlat tashrifi bo‘lib o‘tadi.

Tashrif doirasida qator hujjatlar imzolanishi, shuningdek, “Qirg‘iziston – O‘zbekiston” biznes-forumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

O‘zA