Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva yurtimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turgan Qirg‘iz Respublikasi Jogorku Keneshi torag‘asi Nurlanbek Shakiyev boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat avvalida O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik va keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlari jadal rivojlanib borayotgani alohida qayd etildi.
Muloqotda qardosh xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalariga asoslangan O‘zbekiston – Qirg‘iziston hamkorligining amaliy jihatlariga e’tibor qaratildi.
Ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi, shu jumladan, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi muntazam aloqalar izchillik kasb etmoqda. 2017 yil sentyabr oyida O‘zbekiston Prezidentining Qirg‘izistonga davlat tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi o‘rtasida parlamentlararo hamkorlik to‘g‘risidagi memorandumning imzolangani o‘zbek - qirg‘iz parlamentlari munosabatlarida yangi bosqichni boshlab berdi.
Shu asosda faoliyat yuritayotgan parlamentlararo komissiya Oliy darajadagi kelishuvlar ijrosini ta’minlash, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida samarali faoliyat yuritmoqda.
Muzokaralar chog‘ida parlamentlarimiz hamkorligini yanada rivojlantirish bo‘yicha 2024 yilga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va imzolash, chegaraoldi viloyatlarning mahalliy kengash deputatlari o‘rtasida hamkorligini faollashtirish, parlament diplomatiyasini rivojlantirishga qaratilgan qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish yuzasidan fikr almashildi.
[gallery-13729]
Shuningdek, siyosiy muloqot va madaniy-gumanitar almashinuvni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari ham e’tibor markazida bo‘ldi.
O‘tgan 6 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 7 barobarga oshdi. 2023 yil yanvar-avgust oylarida ushbu ko‘rsatkich 700 million AQSH dollariga yetdi. Avtomobilsozlik, energetika, elektrotexnika va to‘qimachilik tarmoqlarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish uchun yetarli salohiyat va barcha imkoniyatlar mavjudligi alohida qayd etildi.
Suhbat davomida ikki davlat transport - logistika imkoniyatlarini kengaytiradigan loyihalarni amalga oshirishda sa’y-harakatlarni birlashtirish, Toshkent va Bishkek shaharlarida savdo uylarini ochish kabi amaliy jihatlar muhokama qilindi.
Tomonlar ikki qardosh xalqni bir-biriga yaqinlashtirishda madaniy-gumanitar aloqalar alohida o‘rin tutishini qayd etdi. O‘sh shahrida Bobur nomidagi akademik teatrning yangilangan binosi ochilgani, nafaqat qirg‘iz eli, ayni paytda, butun turkiy xalqlar uchun ham aziz va qadrli bo‘lgan mashhur yozuvchi Chingiz Aytmatovning 95 yilligi bilan bog‘liq qator tadbirlar O‘zbekistonda ham o‘tkazib kelinayotgani aytib o‘tildi.
Uchrashuv yakunida yaqin o‘zaro hamkorlikka va tajriba almashish, turli darajadagi parlament delegatsiyalarining tashriflarini muntazam tashkil etish, shuningdek, O‘zbekiston va Qirg‘iziston parlamentlari do‘stlik guruhlari va qo‘mitalari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirishga kelishib olindi.
Qirg‘iziston Respublikasi Jogorku Keneshi torag‘asi N.Shakiyev Oliy Majlis Senatining faxriy mehmonlar kitobida dastxat yozib qoldirdi.
N.Abduraimova, O‘zA