O‘zbekiston Milliy arxivida “O‘zarxiv” agentligi direktori Ulug‘bek Yusupov hamda Qirg‘iz Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchi Duyshenkul Chotonov boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda “O‘zarxiv” agentligi va Qirg‘iz davlat arxivlari o‘rtasida arxiv sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Ikki qardosh xalqlar tarixi va madaniyatini, arxiv hujjatlarini har ikki davlat arxivlarida targ‘ib etish, hujjatlarni raqamlashtirish, qo‘shma ko‘rgazmalar va nashrlar tashkil etish, arxivlarda tadqiqotchilarga ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlikdagi masalalar kun tartibining asosiy mavzusi sifatida ko‘rildi.

Uchrashuvda qayd etilganidek, “O‘zarxiv” agentligi bilan Qirg‘iz Respublikasi Raqamli rivojlanish vazirligi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum Bishkek shahrida 2022 yil 3 noyabrda imzolangan bo‘lib, unda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tomonlar o‘zaro manfaatli shartlar asosida Markaziy Osiyo xalqlari tarixi, yurtimizdagi qirg‘iz diasporasi tarixi, Qirg‘iz Respublikasidagi o‘zbek diasporasi tarixi va boshqalar bo‘yicha qo‘shma ilmiy tadqiqot loyihalari amalga oshirib kelinmoqda.

Uchrashuv so‘ngida O‘zbekiston Milliy arxivi faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida saqlovxona, restavratsiya, raqamlashtirish xonasi, o‘quv zali, muzey va ko‘rgazmalar zali bo‘ylab ekskursiya tashkil etildi. Xorijiy mehmonlar arxivda hujjatlar saqlovini ta’minlash, ularni restavratsiya va raqamlashtirish jarayonlari bilan tanishtirildi.
Mazkur tashrif doirasida D.Chotonovga “O‘zarxiv” agentligi nomidan esdalik sovg‘alari taqdim etildi. Arxivdagi shart-sharoitlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi, kelgusida hamkorlik qilish rejalashtirildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA