French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasiga yangi rahbar saylandi
14:56 / 2022-05-27

27 may kuni O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi o‘tkazildi. Unda federatsiyaga yangi rahbar saylash kun tartibidagi asosiy masala bo‘ldi.

Tadbirda O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi mutasaddilari, sportchi va murabbiylar ishtirok etdi. Yig‘ilishda dastlab shu davrgacha O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi lavozimida ishlab kelgan Rustam Shoabdurahmonovning o‘z xohishiga ko‘ra yozgan arizasi ko‘rib chiqildi va delegatlar tomonidan qabul qilindi.

Shundan so‘ng yig‘ilish kun tartibidagi asosiy masalaga o‘tildi. Unda “Kapitalbank” ATB boshqaruvi raisi Maqsud Abduvaliyevich Abdusamatovning nomzodi O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi lavozimiga taklif etildi va konferensiya ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan ma’qullandi. Shu tariqa Maqsud Abdusamatov O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi raisi etib saylandi.

–Avvalambor, menga bildirilgan ishonch uchun minnatdorlik bildiraman. Hozirda ushbu sport va qilichbozlik oilasining ichiga kirib, vaziyat bilan yaqindan tanishmoqdaman. O‘rganishlar asosida yangi istiqbolli rejalarni shakllantiramiz. Oldimizda turgan yirik musobaqalarda sportchi va murabbiylarimizning muvaffaqiyatga erishishlari uchun barcha sharoitni yaratib beramiz, – dedi Maqsud Abdusamatov.

So‘ng kun tartibiga muvofiq, O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasiga yangi bosh kotib saylandi. Unga ko‘ra, ushbu vazifada faoliyat ko‘rsatib kelgan Gulnora Saidova mazkur lavozimga qayta saylandi.

Konferensiya ishtirokchilari Rustam Shoabdurahmonovning boshqaruvi davrida o‘zbek qilichbozligi qayta uyg‘onganligi, yoshlar o‘rtasida birinchi jahon chempioni yetishib chiqqani, Olimpiya o‘yinlariga ilk bor 3 ta litsenziya qo‘lga kiritilganini alohida ta’kidlab o‘tishdi. O‘z navbatida, yangi saylangan rahbarga ushbu g‘alabalarni davom ettirish yo‘lida kuch-g‘ayrat tilashdi.

Shu tariqa O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi o‘z ishini yakunladi, –deyiladi Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabarida.

O‘zA