Qatar Davlatining “QNA” axborot agentligi, “Al-sharq” va boshqa qator nashrlari Doha shahriga rasmiy tashrif bilan borgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidovning Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan uchrashuvi haqida maqolalar e’lon qildi.
Ta’kidlanishicha, uchrashuvda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari, shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan bir qator mintaqaviy va xalqaro masalalar muhokama qilingan.
E’tiborli jihati, mazkur nashrlar ikki o‘lkaning tashqi siyosat idoralari rahbarlari raisligida strategik sheriklik bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengashning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tganiga urg‘u bergan.

Qatar Davlati Bosh vaziri va tashqi ishlar vaziri Shayx Muhammad bin Abdulrahmon mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini alohida ta’kidladi.
– Ushbu sheriklik siyosiy maslahatlashuvlar va umumiy manfaatlarga ega bo‘lgan masalalar bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro muvofiqlashtirish uchun kengroq ufqlarni ochadi, - dedi qatarlik mulozim.
Shuningdek, u 2025 yil 30 oktyabrdan 13 noyabrgacha Samarqandda YUNESKO Bosh konferensiyasi, 2026 yilda esa Ko‘rfaz hamkorlik kengashi (KHK) va Markaziy Osiyo mamlakatlari ikkinchi sammiti O‘zbekistonda o‘tkazilishini olqishladi.
O‘z navbatida, Baxtiyor Saidov O‘zbekiston delegatsiyasiga ko‘rsatilgan samimiy qabul va mehmondo‘stlik uchun minnatdorlik bildirib, joriy yil 4-6 noyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan II-Jahon ijtimoiy sammitiga mezbonlik qilish uchun Dohaning tanlanganini e’tirof etdi.
Muhokamalar doirasida tomonlar siyosiy muloqotni kuchaytirish, savdo va sarmoyani kengaytirish, akademik, ilmiy va madaniy almashinuvlarni rag‘batlantirish, transport aloqasini yaxshilash, ekologik barqarorlik va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA