Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Qatar hamkorligi jadal rivojlanmoqda
11:41 / 2024-10-13

“Ash-Sharq” nashrida O‘zbekiston Respublikasining Qatar Davlatidagi Favqulodda va muxtor elchisi Ashraf Xodjayevning “O‘zbekiston va Qatar... oshkoralikni oshirish va korrupsiyaga qarshi kurash” sarlavhali maqolasi e’lon qilindi.

– Korrupsiya har qanday jamiyat taraqqiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan asosiy tahdid bo‘lib, iqtisodiyotga bevosita zarar keltiradi, qonun ustuvorligi tamoyiliga putur yetkazadi, aholining hukumatga ishonchini pasaytiradi va demokratik institutlar rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi. Shuningdek, qonun ijrosini murakkablashtiradi, shaxs huquqiga daxl qiladi.

O‘zbekiston va Qatar korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha birgalikda o‘ziga xos, kuchli siyosat yuritib kelmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad mazkur illat sabablarini bartaraf etish, korrupsiyadan xoli jamiyatni qo‘llab-quvvatlovchi tashabbuslarni ilgari surishga qaratilgan samarali tizim yaratishdan iborat.

Ayni jarayonda Qatar Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy tomonidan sohadagi yutuqlarni taqdirlash uchun taqdim etilgan xalqaro mukofot muhim ahamiyatga ega. Ushbu sovrin oshkoralik va halollik tamoyilini ilgari suradi, xalqlarimizning farovon kelajagiga tahdid soluvchi tizimga qarshi turadi.

O‘tgan yil 19 dekabr kuni O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev va Shayx Tamim ishtirokida yettinchi marta xalqaro “Shahzoda mukofoti” o‘z egalariga topshirildi. Nufuzli tadbir 30 ga yaqin davlat, 2000 dan ziyod ishtirokchini jamlagan edi. O‘shanda davlatimiz rahbari mazkur tashabbusning zamonaviy muammolarga qarshi turishdagi beqiyos ahamiyatini alohida ta’kidlagan edi.

2023 yil Global korrupsiyani baholash indeksiga ko‘ra, Qatar 58 ball to‘plab, Fors ko‘rfazi va arab dunyosida ikkinchi o‘rinni egalladi. Mamlakatda moliyaviy shaffoflik va hisobdorlikni ta’minlovchi qonunlar qabul qilingan.

Yurtimizda ham BMT va boshqa xalqaro tuzilmalar bilan birga ayni yo‘nalishda jadal islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi, ixtisoslashtirilgan idora tashkil etildi.

Samaradorlikni oshirish maqsadida Prezidentimiz shu yil iyun oyida “Fuqarolar va mansabdor shaxslarning korrupsiyadan xabardorligini oshirish tizimini yo‘lga qo‘yish” to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

So‘nggi yillarda respublikamizda qonunchilik bazasi va sohadagi tartib-taomil takomillashtirildi. Shu bilan birga korrupsiyaga toqat qilmaslik haqida xabardorlikni oshirish va halollik qadriyatini targ‘ib etish hamon dolzarb.

Fuqarolar va davlat xizmatchilari malakasini oshirish maqsadida 2025 yil 1 yanvardan “Korrupsiyaga qarshi virtual akademiya” ish boshlaydi.

Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisi tajriba almashish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etib, 2030 yilgacha korrupsiyaga qarshi milliy strategiya ishlab chiqish rejasini ham taklif qildi. Ayni payt Qatar ham 2030 yilgacha bo‘lgan istiqbolga muvofiq, ayni sohada ulkan ishlarni amalga oshirmoqda.

Umuman, bu boradagi umumiy sa’y-harakatlarimiz qonun ustuvorligini mustahkamlash, xalqaro andoza va ikki davlat intilishlariga mos ravishda, global illatga qarshi ayovsiz kurash jarayoniga munosib hissa qo‘shishi shubhasiz.

Ashraf Xodjayev,

O‘zbekistonning Qatardagi

Favqulodda va muxtor elchisi