O‘zbekiston Qahramoni, mohir quruvchi Anvar Qurbonov yangilanayotgan Konstitutsiyamiz bo‘yicha referendumda ishtirok etish uchun Guliston shahridagi 21-referendum uchastkasiga oila a’zolari bilan keldi.

Mohir quruvchi 40 yil davomida Sirdaryo viloyatining ravnaqi yo‘lida, bunyodkorlik ishlarida vijdonan mehnat qilib, el-yurtning hurmatiga sazovor bo‘ldi. U Prezident farmoniga ko‘ra, 1998 yilda O‘zbekiston Qahramoni unvoniga sazovor bo‘ldi.
–Mamlakatimizda istiqlol yillarida bo‘lib o‘tayotgan saylov, referendum kabi siyosiy tadbirlar sobiq ittifoq paytdagi tadbirlardan mutlaqo farq qiladi. Istiqlol yillarida o‘tkazilgan siyosiy jarayonlardan kelib chiqqan holda aytishim mumkinki, referendum har bir vatandoshimiz hayotida muhim ahamiyat kasb etib, unda xalqimizning xohish-irodasi o‘z ifodasini topmoqda. Bugun har bir vatandoshimiz referendum mohiyatini tushungan holda ertangi kuni uchun ongli ravishda ovoz bermoqda, – deydi Anvar Qurbonov. – Eng asosiysi, xalqimizning referendumga befarq emasligi meni juda quvontirdi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA