Toshkentda “O‘zbekiston prokuraturasi: kecha, bugun va ertaga» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari tashkil etilganligining 30 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar doirasida tashkil etilgan tadbirda xalqaro tashkilotlar va mamlakatimizdagi elchixonalar, xorijiy davlatlarning prokuratura organlari, o‘quv va ilmiy-tadqiqot muassasalari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy Majlis, sud va huquq-tartibot idoralari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori N.Yo‘ldoshev tadbirda davlatimiz rahbari tomonidan asos solingan taraqqiyotimizning yangi bosqichida inson huquq va erkinliklari, davlat manfaatlarining tom ma’nodagi himoyachisiga, qonun ustuvorligi va adolat tantanasini ta’minlashning muhim vositasiga aylanib borayotgan prokuratura tizimining uzoq yillik tarixi, bugungi qizg‘in hamda keng ko‘lamli faoliyatining o‘ziga xos rivojlanish bosqichlariga to‘xtalib o‘tdi.
Shuningdek, ilk marotaba mustaqil davlatning prokuraturasi sifatida e’tirof etilgan va bu maqomi qonuniy tarzda mustahkamlanganiga 30 yil bo‘lgan prokuratura organlari tizimining milliy davlatchiligimizning olis tarixi bilan chambarchas bog‘liqligi ta’kidlab o‘tildi.

Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori A.Saidov, Xalqaro prokurorlar assotsiatsiyasi prezidenti Chxol-Kyu Xvan, MDH davlatlarining Bosh prokurorlari Muvofiqlashtiruvchi kengashi ijrochi kotibi V.Zimin, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi K.Komilov, adliya vaziri R.Davletov so‘zga chiqdi.
Tadbirda xalqaro tashkilotlar vakillari, xususan YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, elchi Per fon Arks, BMT GJB Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi dasturi koordinatori K.Markvering, «Mintaqaviy muloqot» XNNT direktori M.Sever, BMT Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari M.Mamedzade, O‘zbekistondagi BMT ta’lim, fan va madaniyat ishlari bo‘yicha tashkiloti (UNESCO) vakili A.Makarigakis ishtirokchilarni O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlari tashkil etilganligining 30 yilligi bilan muborakbod etib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sud-huquq tizimini yanada isloh qilish borasidagi vazifalarini amalga oshirishda hamkorlikni davom ettirishiga tayyor ekanliklarini bildirdi.
«Prokuraturaning tashkiliy-huquqiy asoslari va faoliyatini rivojlantirish istiqbollari» mavzusidagi yalpi sessiyada Bosh prokuror o‘rinbosari E.Yuldashev O‘zbekiston prokuraturasining tarixi, buguni va rivojlanish istiqbollari borasida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
Bundan tashqari, Yevropa prokurorlari maslahat kengashi prezidenti, Ispaniya Bosh prokurorining atrof-muhit va yer boshqaruvi bo‘yicha o‘rinbosari A.Noguera, Ozarbayjon Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari E.Jamalov, Qirg‘iziston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari K.Toktakunov prokuraturaning tashkiliy-huquqiy va institutsional asoslari, faoliyatni tashkil qilish va amalga oshirishning dolzarb masalalari borasidagi tajriba bilan o‘rtoqlashdi.
Tadbir davomida shuningdek, «Prokuratura organlarining fuqarolar huquq va erkinliklari, davlat va jamiyat manfaatlari himoyasini ta’minlashdagi roli» hamda «Prokuratura organlarining jinoyatchilikka qarshi kurashish faoliyatidagi o‘rni» mavzularida parallel sessiyalar bo‘lib o‘tdi. Unda xorijiy davlatlarning prokuratura organlari, o‘quv va ilmiy-tadqiqot muassasalari vakillari, shuningdek, milliy mutaxassislar hamda ekspertlar ma’ruza qildi.
Sessiyalar doirasida ko‘rib chiqilgan masalalar atrofida qizg‘in muhokamalar bo‘lib o‘tdi.
Shu bilan birga, konferensiyaga tadqiqot ishlarini olib borayotgan olimlar, tadqiqotchi va amaliyotchi xodimlar ham keng jalb qilinib, prokuratura organlari faoliyatini takomillashtirish, shu jumladan, «Prokuratura to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahririni ishlab chiqishda ilg‘or xorijiy tajribani hamda xalqaro mutaxassislarning tavsiyalarini o‘rganib chiqish belgilandi.
Mazkur konferensiya O‘zbekiston prokuratura organlarining o‘tgan yillardagi faoliyati tahlili asosida istiqboldagi ustuvor vazifalarni va ularni
samarali ijro etishga mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
N. Abduraimova, O‘zA