Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston prezidentligiga saylovlarni o‘tkazish uchun AQSHning 10 ta shahrida saylov uchastkalari tashkil etilmoqda
16:11 / 2021-09-27

O‘zbekiston Respublikasining Vashington shahridagi elchixonasi va Bosh konsulxonasining xabar berishicha, oktyabr oyida rejalashtirilayotgan O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga saylovni yuqori darajada tashkil etish va uni o‘tkazish bo‘yicha faol tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.

Xususan, Markaziy saylov komissiyasining qaroriga muvofiq, 14-Toshkent shahar saylov okrugiga biriktirilgan O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi va Nyu-Yorkdagi Bosh konsulxonasi huzurida saylov uchastkalari tashkil etildi. Mazkur saylov uchastkalarining raislari hamda diplomatik vakolatxona va AQSHda istiqomat qilayotgan vatandoshlardan iborat komissiya a’zolari shakllantirilmoqda.

Saylov uchastkalarining chegaralari belgilab olinib, Vashington shahridagi saylov uchastkasiga AQSHning 18 ta shtati, Kanada, Kuba va Braziliya hamda Nyu-Yorkdagi saylov uchastkasiga AQSHning qolgan shtatlari, Amerikaning boshqa davlatlari kiritilgan.

AQSHdagi diplomatik vakolatxonaning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Respublikasi prezidentligiga saylov 24 oktyabr kuni Vashington va Nyu-York shaharlarida o‘tkaziladi.

Ba’zi bir sabablarga ko‘ra ushbu sanada saylovda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lmagan fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash maqsadida fuqarolar jips yashaydigan quyidagi 8 ta shaharlarda muddatidan oldin saylov o‘tkazish rejalashtirilgan. Xususan: 15 oktyabr kuni San-Fransisko shahri (Kaliforniya shtati); 16 oktyabr kuni Bruklin (Nyu-York), Orlando (Florida); 17 oktyabr kuni Chikago (Illinoys), Paykesville (Merilend), Sterling (Virjiniya), Filadelfiya (Pensilvaniya); 18 oktyabr kuni Pittsburg (Pensilvaniya) shaharlarida ko‘chma saylov uchastkalari tashkil etiladi.

Fuqarolar o‘rtasida saylov jarayoniga oid ma’lumotlarni keng tarqatish, muddatidan oldin o‘tkaziladigan saylov uchastkalarining joylari va sanalari haqida vatandoshlarning xabardorligini oshirish maqsadida “Rost24 haqiqiy jurnalistika» sayti, «Amerika ovozi», Filadelfiyadagi «Sarbon» va Nyu-Yorkdagi «95.5 HD2» radiolari, «Buxarian tayms», «Makonim» gazetalari, taniqli blogerlar hamda AQSHdagi o‘ndan ziyod vatandosh uyushmalari bilan hamkorlikda saylovoldi tashviqot-targ‘ibot ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, mazkur siyosiy tadbirni yuqori saviyada o‘tkazishni tashkillashtirish uchun “Facebook” “Twitter” “Instagram” kabi ommaviy ijtimoiy tarmoqlar va veb-saytlar hamda ko‘p sondagi fuqarolarni qamrab olgan «Telegram» va “WhatsApp” kanallarining imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda.

Amerikaning uzoq hududlaridan ham muddatidan oldin ovoz berish joylarining tashkil etilayotganligi, saylov haqida fuqarolar o‘rtasida samarali tashviqot-targ‘ibot ishlarining olib borilayotganligi va elektron shakldagi saylovchilar ro‘yxatiga olishning qulay imkoniyatlari yaratilganligi natijasi o‘laroq, saylovda ishtirok etish istagini bildirgan fuqarolarning soni kun sayin ortib bormoqda.

Ushbu fursatdan foydalanib, AQSHdagi diplomatik vakolatxonalarimiz Amerika diyorida istiqomat qilayotgan barcha fuqarolarimizni ushbu havola (https://uzbekistan.org/page/view?id=53)da keltirilgan saylov uchastkalaridan birida ovoz berishga chaqiradi.

Saylovchilar ro‘yxatiga kiritish uchun fuqarolardan saylov.mfa.uz vebsaytdan  foydalanish tavsiya qilinadi.  

 

Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA