24 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi.
Xalq Maslahati Raisi Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va birodar turkman xalqi nomidan davlatimiz rahbarini tug‘ilgan kuni bilan dildan muborakbod etib, O‘zbekistonga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik, barqaror taraqqiyot va ravnaq tiladi.
O‘zbekiston-Turkmaniston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Joriy yil 14-15 iyul kunlari mamlakatimizga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrifning samarali yakunlari yuqori baholandi. Qabul qilingan “yo‘l xaritasi” asosida erishilgan kelishuvlarni, shu jumladan Sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha o‘rta muddatli dasturni, Chegaraoldi savdo zonasini tashkil etish loyihasini, birinchi Hududlar forumi va Ishbilarmonlar kengashi yakunida imzolangan savdo shartnomalari va bitimlarini amalga oshirish muhimligi ta’kidlandi.
Samarali yo‘lga qo‘yilgan parlamentlararo muloqot doirasida olib borilayotgan faol aloqalar va almashinuvlar alohida mamnuniyat bilan qayd etildi.
Mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi, jumladan, joriy yil noyabr oyida Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkilotining sammitini o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.