English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Prezidenti Turkiy adabiyotning yorqin namunalarini nashr etish taklifini ilgari surdi
21:34 / 2021-03-31

Bugun videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar Hamkorlik Kengashining norasmiy sammiti davomida madaniy va gumanitar aloqalarni rivojlantirish bilan bog‘liq dolzarb masalalar bo‘yicha ham o‘zaro fikr almashildi.

Sammitda ishtirok etgan mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mir Alisher Navoiy nomidagi xalqaro Turksoy mukofotini ta’sis etish bo‘yicha taklifini qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun turkiy tilli mamlakatlar rahbarlariga O‘zbekiston xalqi nomidan minnatdorlik bildirdi. Ushbu taklif 2019 yil 15 oktyabr kuni Bokudagi sammitda Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan edi. Aynan o‘sha anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Tashkilotning to‘laqonli a’zosiga aylangandi.

Xalqaro «Turksoy» mukofoti Kengashning zamonaviy adabiyot va san’at, tarix, me’morchilik sohalarida ulkan yutuqqa erishgan a’zo davlatlar vakillari ijodiy faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida ta’sis etilgan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan turk dunyosining Alisher Navoiy, Yunus Emre, Mahtumquli Firog‘iy, Abay Qo‘nonboyev singari buyuk yozuvchi va allomalari ijodiy merosini ommalashtirish maqsadida Kengashga a’zo davlatlarning o‘z ona tillarida ushbu davlatlar adabiyotining eng yorqin namunalari jamlangan «100 jildli turkiy adabiyot xazinasi» nomli kitoblar turkumi chop etilishi taklif qilindi.

Turk dunyosi adabiyoti yorqin namoyandalari ijodi va bebaho ma’naviy merosi hozirgi kunda butun dunyo bo‘ylab qiziqib o‘rganilmoqda. Vaholanki, ushbu meros avvalambor Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi a’zolari sanaladigan davlatlarda o‘qilib, targ‘ib etilishi lozim.

Ko‘p jildli nashrda turkiy olam va butun Sharqning buyuk shoiri hisoblangan, hamda jahon adabiyoti rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Mir Alisher Navoiyning o‘lmas asarlariga alohida urg‘u berilishi shubhasiz. Ushbu ma’naviy xazina va adabiy merosni asrab-avaylash kelajak avlod oldidagi eng muhim vazifalarimizdan biridir.

Mir Alisher Navoiy nomidagi xalqaro Turksoy mukofoti ta’sis etilishi haqidagi qaror, shubhasiz, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz orasidagi madaniy va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish hamda o‘zaro do‘stona aloqalarni yanada kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Ravshan Abdullayev,
Markaziy Osiyo xalqaro instituti
Bosh ilmiy xodimi