Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Prezidenti Qatarning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi
00:22 / 2023-10-02

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning taklifiga binoan 1 oktyabr kuni  davlat tashrifi bilan Doha shahriga keldi.

Shayx Hamad nomidagi xalqaro aeroportida oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi.

Davlatimiz rahbarini Qatar Bosh vaziri – tashqi ishlar vaziri shayx Muhammad bin Abdurahmon Ol Soniy va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Nebras Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad al-Hajriy, Qatar investitsiyalar agentligi direktori Bandar bin Saud Ol Soniy, “Power International Holding” kompaniyasi boshqaruvi raisi Mutaz al-Hayyat va “Al Mirqab Capital” xolding kompaniyasi ijrochi direktori Saif ur-Rahmon Xonni qabul qildi.

“Nebras Power” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad al-Hajriy bilan uchrashuvda energetika sohasida, eng avvalo, muqobil energetikada yangi loyihalarni ilgari surish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning amaliy jihatlari ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari Sirdaryo viloyatida Qatar kompaniyasi ishtirokida bug‘-gaz texnologiyalari asosida quvvati 1,6 GVt bo‘lgan zamonaviy elektr stansiyasi qurilishi loyihasini amalga oshirish boshlanganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Surxondaryo viloyatida issiqlik elektr stansiyasini barpo etish loyihasi doirasida tayyorgarlik ishlari yakunlanmoqda.

Toshkent viloyatida 600 MVt quvvatli energiya saqlash tizimlarini yaratish hamda Qoraqalpog‘istonda 1 GVt quvvatli shamol elektr stansiyasini ishga tushirish bo‘yicha qo‘shma rejalar muhokama qilindi.

Uzoq muddatli sheriklik dasturini qabul qilish, unga, eng avvalo “yashil” energetikaga doir istiqbolli loyihalarni kiritish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Qatar investitsiyalar agentligi direktori Bandar bin Saud Ol Soniy bilan uchrashuvda agentlikning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarini mamlakatimiz hududlarida “yashil” energetika ob’ektlari – quyosh va shamol stansiyalarini qurish, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, shu jumladan, zamonaviy aviaterminallar barpo etish va boshqa investitsiya loyihalariga jalb qilish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Ilg‘or bank-moliya xizmatlarini, shu jumladan, islom moliyasi dasturlari doirasida rivojlantirishdan manfaatdorlik bildirildi.

Qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun ikki tomonlama guruh uchrashuvini yaqin fursatda o‘tkazishga kelishib olindi.

Agentlik sanoat, infratuzilma, energetika, ko‘chmas mulk, elektron texnologiyalar sohalarida yirik loyihalarni ilgari surishda katta tajribaga ega global miqyosdagi yetakchi investitsiya xoldinglardan biri hisoblanadi.

O‘zbekiston Prezidenti “Power International Holding” kompaniyasi boshqaruvi raisi Mutaz al-Hayyatni qabul qildi.

“Power International” – dunyoning 19 ta mamlakatida energetika, neft-kimyo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport infratuzilmasi, sog‘liqni saqlash, turizm kabi sohalarda faol ish olib borayotgan Qatarning eng yirik milliy xoldingi. Yaqin Sharqdagi yetakchi ko‘p tarmoqli kompaniyalardan biridir.

Bugun ushbu kompaniya bilan hamkorlikda Jizzax viloyatida kelgusida mintaqaning eng katta agrosanoat majmuasi bo‘ladigan zamonaviy chorvachilik klasteri qurilmoqda.

Mamlakatimizda yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan avtomobil magistralini barpo etish, ammiak va karbamid ishlab chiqarish hajmini oshirish, ishbilarmonlik va mehmonxona infratuzilmasi, sog‘liqni saqlash ob’ektlarini tashkil etish istiqbolli loyihalar sifatida qayd etildi.

Qatar tomoni tez orada xolding O‘zbekistonda o‘z ofisini ochishini ma’lum qildi.

“Al Mirqab Capital” xolding kompaniyasi ijrochi direktori Saif ur-Rahmon Xon bilan uchrashuvda mehmonxona infratuzilmasi va turizm xizmatlarini rivojlantirish, logistika va energetika tarmog‘ini modernizatsiya qilish borasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Xususan, kompaniya tomonidan Toshkent viloyatida logistika markazi, Buxoro shahrida mehmonxona-kongress majmuasini qurish, mamlakatimizda elektr ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishga investitsiya kiritish rejalari ko‘rib chiqildi.

Investitsiya loyihalari qo‘shma “yo‘l xaritasi” asosida amalga oshiriladi.

1983 yilda asos solingan “Al Mirqab Capital” xoldingi AQSH, Yevropa va Yaqin Sharqda “Four Seasons”, “The Ritz-Carlton” va boshqa brendlardagi 20 ta yirik mehmonxona egasidir. Kompaniya aktivlari qiymati 8 milliard dollardan ziyodni tashkil etadi.

Davlat tashrifi dasturiga muvofiq, 2 oktyabr kuni oliy darajadagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi, yetakchilar O‘zbekiston – Qatar munosabatlarini yanada mustahkamlash hamda ko‘p qirrali hamkorlikni, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda rivojlantirish masalalarini muhokama qiladilar.

O‘zA