O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 sentyabr kuni Nyu-York shahrida Futbol assotsiatsiyalari xalqaro federatsiyasi (FIFA) rahbari Janni Infantino bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Davlatimiz rahbari Janni Infantinoni 2023 yilgi futbol bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi jahon chempionati muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan samimiy tabrikladi.
O‘zbekiston va FIFA o‘rtasidagi samarali sheriklik alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Futbolni rivojlantirish va yoshlarni keng jalb qilish bo‘yicha qo‘shma dastur va loyihalar amalga oshirilmoqda.
Mamlakatimizda FIFAning yirik xalqaro tadbirlarini, shu jumladan ayollar va o‘smirlar o‘rtasidagi birinchiliklarni tashkil etish va o‘tkazish masalalari muhokama qilindi.
Federatsiya rahbari O‘zbekistonni 2024 yilda ilk bor FIFA shafeligidagi futzal bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qilishi bilan tabrikladi va uning yuqori saviyada o‘tkazilishiga muvaffaqiyatlar tiladi.
Shuningdek, Janni Infantino yurtimizda ommaviy va professional futbolni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, zamonaviy infratuzilma va ta’lim bazasini yaratish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlarni yuqori baholadi.