English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston Prezidenti AQSH bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidladi
03:09 / 2026-02-19

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vashingtonga amaliy tashrifi doirasidagi ishbilarmonlik uchrashuvlarining navbatdagisi AQSH savdo vakili Jeymison Grir bilan bo‘ldi.

Qo‘shma loyihalar doirasida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimining amaliy natijalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston – AQSH strategik sheriklik munosabatlari, eng avvalo, savdo-iqtisodiyot va investitsiya sohalarida barqaror sur’atda rivojlanib borayotgani ta’kidlandi.

O‘zaro savdoni ko‘paytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishdagi muvaffaqiyatlar mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollardan oshdi.

Mamlakatimizning JSTga a’zo bo‘lish jarayonini yakuniga yetkazishga oid masalalarda amaliy hamkorlikni kuchaytirish va AQSH tomonidan ushbu jarayonlarni yanada qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi.

Mahsulotlarni barqaror yetkazib berish, texnik tartibga solish va raqamli savdoga oid mintaqaviy yondashuvlarni ishlab chiqish maqsadida Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH o‘rtasidagi Savdo va investitsiyalar bo‘yicha hadli bitim (TIFA) doirasida hamkorlikni faollashtirish taklifi bildirildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Prezidenti AQSH savdo vakili Jeymison Grirni joriy yilning iyun oyida bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishga taklif qildi.