Polsha farmatsevtika sanoati uyushmasi prezidenti Krzysztof Kopes boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi doirasida “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 19 avgustdagi farmoni asosida joriy etilayotgan dori vositalarini ro‘yxatdan o‘tkazishda yangi soddalashtirilgan tartiblar hamda regulyator tizimdagi islohotlarni muhokama qildi.
Markaz direktori Alisher Temirov uchrashuv davomida muassasaning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligini ta’minlashdagi regulyator organning vazifalari hamda tizimda raqamlashtirish jarayonlari haqida ma’lumot berdi. Sohada shaffoflik va samaradorlikni oshirish maqsadida joriy etilayotgan elektron tizimlar, xalqaro hamkorlik doirasida nufuzli regulyator organlar bilan o‘rnatilayotgan aloqalar, hamda davlatimiz rahbari tashabbuslari asosida sohani modernizatsiya qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
O‘z navbatida, Polsha farmatsevtika sanoati uyushmasi prezidenti O‘zbekistonda so‘nggi yillarda farmatsevtika sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholab, Polsha kompaniyalari uchun O‘zbekiston bilan hamkorlik qilish yangi istiqbolli yo‘nalishlar ochayotganini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi va Polshaning Tibbiy mahsulotlari, tibbiy jihozlar va biotsid mahsulotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish idorasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolangan bo‘lib, unga muvofiq tartibga solish tajriba almashish, zamon talablariga mos kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
Uchrashuv yakunida tomonlar farmatsevtika xavfsizligini ta’minlash, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirdi.
***
Shuningdek, Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi direktori Alisher Temirov Malayziya Tibbiy buyumlar boshqarmasi (MDA) vakillari bilan uchrashdi.
Unda tomonlar tibbiy buyumlar sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, ilg‘or xalqaro tajribani o‘rganish va reglamentlashtirish tizimini takomillashtirish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, normativ-huquqiy bazani rivojlantirish, zamonaviy texnologiyalarni sog‘liqni saqlash tizimiga xavfsiz joriy etish, regulyator qarorlarini o‘zaro tan olish istiqbollarini ko‘rib chiqdi.

Uchrashuv davomida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi va Malayziya Tibbiy buyumlar boshqarmasi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqib, tibbiy buyumlar sohasida yagona yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, memorandum doirasida tomonlar tibbiy buyumlar sohasidagi reglamentlashtirish tizimini takomillashtirish, kadrlar salohiyatini rivojlantirish, ilmiy-amaliy hamkorlikni kengaytirish hamda xalqaro standartlarga mos yondashuvlarni joriy etish borasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.
Uchrashuv yakunida Alisher Temirov O‘zbekistonning xalqaro reglamentlashtirish tashabbuslarida faol ishtirokini kengaytirish zarurligini ta’kidlab, 2026 yilda GHWP Bosh assambleyasini Toshkentda o‘tkazish taklifini ilgari surdi.
Ta’kidlash joiz, mazkur kelishuv O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi tibbiyot hamda farmatsevtika sohasidagi strategik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi, xalqaro ishonchni mustahkamlash va tibbiy buyumlar xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mohigul Qosimova, O‘zA