O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi diplomatlari Polshaning Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish milliy markazi (KOWR) bosh direktori o‘rinbosari Lyutsian Zvolak bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston va Polsha o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish va savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratdi.
Uchrashuv yakunida bir qator muhim kelishuvlarga erishildi. Jumladan, KOWR o‘z tasarrufidagi Mazoviya va Lodz hududida joylashgan ikkita binodan birini o‘zaro kelishuv asosida O‘zbekiston logistika markazi (xab) uchun ajratishi belgilandi.
Shuningdek, O‘zbekiston ishchi guruhining Polshaga tashrifi chog‘ida aniq loyiha takliflarini shakllantirishga kelishib olindi.
Bundan tashqari, O‘zbekistondan malakali ishchilar hamda talabalar KOWR'ga qarashli 40 ta qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan kompaniyalarda mavsumiy ishlarga jalb etilishi rejalashtirildi.
Polsha kompaniyalarining 2026 yil 1–3 aprel kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan "UzFood – 2026" xalqaro ko‘rgazmasida, O‘zbekiston korxonalarining esa "AGROTECH" va "POLAGRA" xalqaro ko‘rgazmalarida ishtirok etishi bo‘yicha ham kelishuvlarga erishildi.
Uchrashuv chog‘ida Lyutsian Zvolak ikki mamlakat o‘rtasidagi eksport-import aloqalari yildan-yilga kengayib borayotganini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, 2024 yilda Polshadan O‘zbekistonga 72 million yevrolik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilingan bo‘lsa, O‘zbekistondan Polshaga ushbu mahsulotlar importi 10 million yevroni tashkil etgan. Tomonlar ushbu ko‘rsatkichlarni kelgusida kamida uch barobar oshirish uchun yetarli salohiyat mavjudligini bildirdi.
Hamroz Bayanov,
O‘zA