Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Pokiston: Umumiy tarix, mushtarak maqsadlar
20:44 / 2026-02-04

O‘zbekiston va Pokiston munosabatlari tasodifiy yoki faqat zamonaviy siyosiy manfaatlar bilan cheklanmaydi. Bu aloqalar ildizi Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lab kelgan Buyuk Ipak yo‘li, umumiy sivilizatsiya makoni hamda mushtarak ma’naviy qadriyatlarga ulangan. Tarixan ilm-fan, savdo va madaniy almashinuv markazi sifatida shakllangan bu hududlar bugungi strategik yaqinlik uchun mustahkam poydevor vazifasini bajarmoqda.

Pokiston Islom Respublikasi O‘zbekiston mustaqilligini 1991 yil 20 dekabrda birinchilar qatori tan olgani o‘zaro munosabatlar tarixida muhim siyosiy ramz hisoblanadi. Oradan ko‘p o‘tmay, 1992 yil diplomatik aloqa o‘rnatilishi o‘zaro ishonchga asoslangan rasmiy muloqot boshlanishiga zamin yaratdi. Shundan buyon ikki davlat aloqalari izchil rivojlanib, bugungi kunda strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.

Xalqaro maydonda O‘zbekiston va Pokiston ko‘plab platformalarda o‘zaro yaqin pozitsiya namoyon etib kelmoqda. Xususan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida global xavfsizlik, barqaror rivojlanish va mintaqaviy barqarorlik masalalarida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash amaliyoti shakllangan. Islom hamkorlik tashkiloti doirasida esa diniy bag‘rikenglik, madaniy merosni asrash va islom olamida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni jadallashtirish masalalari umumiy kun tartibidan joy olgan. Shuningdek, Shanxay hamkorlik tashkiloti ikki davlat uchun xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlikni muvofiqlashtiruvchi muhim mintaqaviy platformadir.

2021 yil iyul oyida Strategik sheriklik munosabatini o‘rnatish to‘g‘risidagi Qo‘shma deklaratsiya imzolanishi O‘zbekiston – Pokiston aloqalarida sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab berdi. Ushbu hujjatda siyosiy muloqotni tizimli asosga o‘tkazish, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va transport-logistika sohasida uzoq muddatli loyihalar ilgari surish nazarda tutilgan. Bunday yondashuv o‘zaro manfaat faqat ikki tomonlama emas, balki mintaqaviy miqyosda uyg‘unlashayotganidan dalolat.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022 yil mart oyidagi Pokistonga rasmiy tashrifi ushbu strategik yo‘nalishning amaliy ifodasiga aylandi. Tashrif doirasida o‘nga yaqin muhim hujjat imzolanishi, xususan Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim kuchga kirishi savdo-iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga ko‘tardi. Bu kelishuv bojxona to‘siqlarini bosqichma-bosqich kamaytirish, savdo nomenklaturasini kengaytirish va tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay sharoitlar yaratishga xizmat qilmoqda.

Mazkur jarayon ko‘rsatadiki, O‘zbekiston – Pokiston munosabati endi faqat siyosiy muloqot bilan cheklanmay, aniq iqtisodiy va institutsional mazmun bilan boyimoqda. Ayniqsa, transport-tranzit, savdo va investitsiya yo‘nalishlari ikki mamlakat hamkorligining asosiy drayveriga aylanmoqda. Bu esa mintaqalararo bog‘liqlikni kuchaytirish, umumiy iqtisodiy makon yaratish uchun qulay imkon beradi.

Savdo, iqtisodiyot va transport yo‘nalishi: hamkorlikning asl poydevori

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik ustuvor yo‘nalishga aylandi. Bu jarayon ikki davlat rahbarlari darajasida qabul qilingan siyosiy qarorlarning amaliy natijasidir. Xususan, Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim doirasida bojxona tartib-taomilini soddalashtirish, ayrim mahsulotlar bo‘yicha preferensiya joriy etish, biznes sub’ektlari o‘rtasidagi bevosita aloqalarni rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan.

Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, 2024 yil o‘zaro savdo aylanmasi 404 million dollardan oshgani mazkur yondashuv samaradorligini tasdiqlaydi. Ayniqsa, eksport hajmi importdan yuqoriligi O‘zbekiston mahsulotlari Pokiston bozorida raqobatbardoshligini ko‘rsatadi. Bu jarayonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, to‘qimachilik, farmatsevtika va sanoat tovarlari salmoqli miqdorni tashkil etmoqda. Pokiston tomoni esa oziq-ovqat, kimyo sanoati hamda texnologiya mahsulotlari bilan ta’minot zanjirida muhim hamkor sifatida namoyon bo‘lmoqda.

The Uzbekistan–Afghanistan–Pakistan Railway Agreement

Hamkorlikning yana bir strategik yo‘nalishi transport va tranzit salohiyatini birgalikda rivojlantirishdir. Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo bilan bog‘lovchi yangi yo‘laklar nafaqat ikki davlat, balki keng miqyosda mintaqa manfaatiga xizmat qiladi. Shu ma’noda, O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston yo‘nalishi mintaqalararo bog‘liqlikni kuchaytiruvchi muhim tashabbus sifatida ko‘riladi. Bunday loyihalar mamlakatimiz uchun jahon bozorlariga chiqish imkoniyatini kengaytirsa, Pokiston uchun Markaziy Osiyo bozorlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirish imkonini yaratadi.

Samarqandda bo‘lib ўтадиган ШҲТ sammiti яkunи bo‘yicha 20 га yaqin hujjat  имзоланади

Jumladan, 2022 yil Samarqandda bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti doirasida ham ushbu masalaga yuqori darajada e’tibor qaratildi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif uchrashuvida transport-tranzit loyihalari, investitsiyaviy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasi mavzulari ustuvor yo‘nalish sifatida belgilandi. Natijada ikki tomonlama aloqalar shunchaki deklarativ emas, balki aniq iqtisodiy mazmun kasb eta boshladi.

Kengroq nuqtai nazardan qaralganda O‘zbekiston – Pokiston hamkorligi Markaziy va Janubiy Osiyoni barqaror bog‘lovchi ko‘prik vazifasini bajarishi mumkin. Bu nafaqat savdo hajmi oshishi, balki mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy barqarorlik va integratsiya jarayoni chuqurlashuviga ham olib keladi. Ayniqsa xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlik ushbu jarayonlarga qo‘shimcha legitimlik, institutsional tayanch beradi.

Umuman, O‘zbekiston va Pokiston munosabatlari bugungi kunda umumiy tarixiy merosdan kelib chiqib, aniq strategik maqsadlarga yo‘naltirilgan hamkorlikka aylanmoqda. Siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy aloqalar va transport tashabbuslari o‘zaro uyg‘unlashib, ikki davlat manfaatlariga xizmat qilayotgan barqaror sheriklikni shakllantirmoqda. Ushbu format kelgusida butun mintaqa uchun ijobiy namunaga aylanishi mumkin.

Musulmon Ziyo, O‘zA

Maqola Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi “Sharqshunos tahlilchilar” intellektual klubi a’zosi Asqar Odilbekov fikrlari asosida tayyorlandi.