Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lab turgan O‘zbekiston va Pokiston munosabatlari bugun tarixiy xotira yoki geografik yaqinlik doirasidan chiqib, aniq manfaat va qat’iy siyosiy irodaga asoslangan strategik sheriklik bosqichiga ko‘tarilmoqda. Quyidagi tahliliy maqolada mazkur hamkorlikning siyosiy, iqtisodiy va mintaqaviy o‘lchami Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti tayanch doktoranti Muqaddas Hojimurodova fikrlari asosida tayyorlandi.
– O‘zbekiston va Pokiston aloqalari bugungi kunda strategik sheriklik yo‘nalishida sezilarli darajada rivojlanmoqda. Xususan, siyosiy, iqtisodiy va mintaqaviy integratsiya borasida aniq qadamlar qo‘yilmoqda. Ta’kidlash joiz, ushbu munosabatlar mamlakatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki yillardan izchil davom etmoqda. Zero, har ikki davlat mushtarak manfaatlarga ega.
O‘xshash tarixiy jarayonni boshdan kechirgani bu ikki davlatni tabiiy ravishda bir-biriga yaqinlashtirgan. Pokiston ham O‘zbekiston kabi asosan musulmonlar yashaydigan mamlakat. Qadimdan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasida savdo-iqtisodiy aloqa mavjud bo‘lgan, tarixdagi yirik imperiyalar va sulolalar davrida ham o‘zaro munosabat gurkirab rivojlangan.
Bugungi kunda O‘zbekiston va Pokiston xalqaro maydonda faol tashqi siyosat yuritib, tinchlik tashabbuslarini faol qo‘llab-quvvatlab, adolatli xalqaro tartibot tarafdori sifatida namoyon bo‘lmoqda. Ikki davlat yaqinda imzolangan tinchlik tashabbuslari doirasida ishtirok etayotgani ham fikrimizni tasdiqlaydi.
O‘zbekiston dengizga chiqish imkoniyatini kengaytirish uchun Pokiston bilan strategik hamkorlikni chuqurlashtirishi dolzarb. Ayni payt Pokiston uchun O‘zbekiston orqali Markaziy Osiyoning boshqa davlatlariga kirib kelish va savdo-iqtisodiy aloqalarni shimoliy yo‘nalishda kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois har ikki davlat tranzit savdo aloqalarini yaxshilashni ustuvor maqsad sifatida belgilagan. Bu O‘zbekiston uchun Janubiy Osiyo bozorlariga kirish imkoniyatini oshirsa, Pokiston uchun Markaziy Osiyo bilan savdoni faollashtiradi.
Ayniqsa Trans-Afg‘on temir yo‘li juda muhim loyiha hisoblanadi. Mustaqilligimizning dastlabki yillaridanoq kun tartibiga qo‘yilgan bo‘lsa-da, ushbu rejani amalga oshirish yo‘lida turli siyosiy va xavfsizlikka oid to‘siqlar mavjud edi. Bugun ham muayyan qiyinchiliklar saqlanib qolganini har ikki tomon tan oladi. Binobarin, eng muhim jihat – asriy g‘oyaga umumiy sodiqlik, ezgu maqsadni amalga oshirish borasidagi qat’iy siyosiy iroda namoyon bo‘layotgani.
Salohiyati yil sayin ortib borayotgan O‘zbekiston barqaror iqtisodiy rivojlanish yo‘liga chiqqani, o‘ta faol tashqi siyosat yuritayotgani murakkabliklarni yengib o‘tish ehtimoli yuqoriligidan dalolat. Shu nuqtai nazardan mamlakatimiz sa’y-harakatlari Afg‘onistonning amaldagi hokimiyati va Pokiston o‘rtasida o‘zaro tushunmovchiliklarni yumshatish, yaxshi qo‘shnichilik hamda iqtisodiy hamkorlikni rag‘batlantirishga xizmat qilishi shubhasiz.
O‘zbekiston va Pokiston munosabatlari haqida gap ketganda, ko‘pincha savdo, iqtisodiyot va tranzit masalalariga ko‘proq e’tibor qaratiladi. Shu bilan birga xalqaro platformalarda o‘zaro siyosiy-diplomatik qo‘llab-quvvatlash, turizm, ta’lim va madaniyat sohalaridagi sheriklik imkoniyatini kengaytirish mumkin. Bugungi global o‘zgarishlar, xalqaro munosabatlar tizimidagi evrilishlar sharoitida davlatlarimiz uchun adolatli xalqaro tartibot yo‘lida birga qadam tashlash nihoyatda muhim.
Qayd etish zarur, turli darajadagi o‘zaro tashriflar va muloqotlar nafaqat ikki davlat va xalqni, balki butun mintaqalarni bir-biriga yaqinlashtiradi. Eng muhimi, bunday aloqalar uzoq muddatli, ham iqtisodiy, ham ma’naviy jihatdan o‘zaro manfaatli ekani aniq.
O‘zA muxbiri Musulmon Ziyo tayyorladi.