Jahon siyosiy jarayonlari shiddat bilan o‘zgarib borayotgan bir sharoitda davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar samaradorligi ko‘proq uzoq muddatli ishonch, o‘zaro manfaatlar uyg‘unligi va amaliy natijalarga tayanayotgan hamkorlikka bog‘liq bo‘lmoqda.
Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 5–6 fevral kunlari Pokiston Islom Respublikasiga davlat tashrifi ikki mamlakat munosabatlarida navbatdagi muhim va mantiqiy bosqich sifatida namoyon bo‘ldi.
Markaziy va Janubiy Osiyoning yetakchi davlatlari bo‘lgan ushbu ikki mamlakat bir-birini tobora aniqroq strategik hamkor sifatida ko‘rayapti. So‘nggi yillarda Toshkent va Islomobod o‘rtasidagi siyosiy muloqot izchil ravishda faollashib, oliy darajadagi aloqalar muntazam va mazmunli tus oldi. Ayniqsa, 2021 yil iyul oyida strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyaning imzolanishi ikki tomonlama munosabatlarni yangi sifat bosqichiga ko‘tardi. Ushbu hujjat hamkorlikni uzoq muddatli strategik maqsadlar asosida rivojlantirishga qaratilgan mustahkam institutsional poydevor bo‘ldi.
2022 yil mart oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi esa siyosiy yaqinlikni amaliy mazmun bilan boyitdi. Ushbu tashrif davomida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiya loyihalarini ilgari surish hamda tarmoqlararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishildi. Natijada ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar deklarativ bayonotlar doirasidan chiqib, aniq iqtisodiy va ijtimoiy samara berayotgan hamkorlik modeliga aylana boshladi.

Munosabatlar taraqqiyotidagi keyingi muhim bosqich 2025 yil fevral oyida Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning O‘zbekistonga tashrifi bilan bog‘liq. Ushbu tashrif yakunlariga ko‘ra, oliy darajadagi Strategik sheriklik kengashini ta’sis etish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, ikki tomonlama munosabatlarni muvofiqlashtirish va tizimli rivojlantirish uchun samarali mexanizm yaratildi. Bu esa hamkorlikni institutsional jihatdan yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Iqtisodiy ko‘rsatkichlar ham ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning mazmunan chuqurlashayotganini yaqqol tasdiqlaydi. 2025 yil yakuniga ko‘ra, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 474,2 million AQSH dollarini tashkil etdi. To‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika va axborot texnologiyalari sohalarida qo‘shma loyihalar shakllanmoqda. Bu esa iqtisodiy hamkorlikning diversifikatsiya qilinib, barqaror asosda rivojlanayotganini ko‘rsatadi.
Ayniqsa, transport va logistika sohasidagi hamkorlik strategik ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi transport yo‘laklarini rivojlantirish Markaziy Osiyo davlatlarining Janubiy Osiyo bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytiradi. Bu nafaqat ikki mamlakat, balki butun mintaqaning iqtisodiy integratsiyasi uchun muhim omil hisoblanadi.
Gumanitar hamkorlik ham ikki tomonlama munosabatlarda alohida o‘rin tutadi. Buyuk Ipak yo‘liga borib taqaladigan umumiy tarixiy va madaniy meros xalqlar o‘rtasidagi muloqot uchun mustahkam ma’naviy poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. Madaniy va ta’lim sohasidagi almashuvlar kengayib bormoqda. 2021 yil iyul oyida imzolangan madaniy hamkorlik dasturi ushbu yo‘nalishda tizimli hamkorlikni ta’minlamoqda.
Turizm sohasidagi aloqalarni rivojlantirish borasida ham ijobiy qadamlar tashlanmoqda. 2024 yil noyabr oyida Toshkent va Lahor shaharlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovning qayta tiklanishi savdo, turizm va ishbilarmonlik aloqalariga yangi sur’at bag‘ishladi.
Qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik esa alohida strategik mazmunga ega. 2021 yil aprel oyida imzolangan ana shu memorandum agroamaliyotlarni takomillashtirish, tajriba almashish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash uchun mustahkam asos yaratdi. 2024 yilda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan Hukumatlararo komissiyaning 9-yig‘ilishida erishilgan kelishuvlar mazkur sohada amaliy natijalar bermoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga navbatdagi davlat tashrifi aynan ana shu ijobiy dinamikani yanada mustahkamlashga qaratilgan. Tashrif doirasida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazilib, siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport, madaniy-gumanitar va turizm sohalarida yangi kelishuvlarga erishish rejalashtirilgan. Shuningdek, qo‘shma deklaratsiya va ko‘p qirrali hujjatlar to‘plamini qabul qilish, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari ishtirokida qo‘shma biznes forumini o‘tkazish ko‘zda tutilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi munosabatlar bugun an’anaviy diplomatiya doirasidan chiqib, mintaqalararo bog‘liqlikni mustahkamlash, barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va xalqlar farovonligiga xizmat qilayotgan strategik sheriklikka aylanmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga davlat tashrifi ushbu jarayonda yangi sahifa ochib, ikki mamlakat hamkorligini sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.
Guljan Xalmuratova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O’zLiDeP fraksiyasi, Innovatsion rivojlanish va
axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi a’zosi
O‘zA