Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston-Pokiston: O‘zaro savdo hajmi o‘tgan yilga nisbatan 46 foizga oshdi
16:23 / 2022-01-26

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Pokiston Islom Respublikasi Bosh vazirining savdo va investitsiyalar bo‘yicha maslahatchisi Abdul Razzoq Dovud bilan videokonferensiya shaklida muzokaralar o‘tkazdi.

Muzokaralar kun tartibiga investitsiyalar, o‘zaro savdo, sanoat kooperatsiyasi va transport-logistika kabi sohalarda ikki tomonlama hamkorlikka oid keng ko‘lamli masalalar kiritildi.

Pokiston Respublikasi Bosh vazirining 2021 yil iyuldagi O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi atroflicha ko‘rib chiqildi. Qo‘shma loyiha va tashabbuslarni ilgari surish borasida erishilgan yutuqlar muhokama etildi, har bir yo‘nalishda mavjud bo‘lgan masalalar ko‘rib chiqildi va hal qilindi. Kelishilgan loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish maqsadida yaqin hamkorlikni davom ettirishga sodiqlik bildirildi.

Savdo aylanmasini oshirishda ikki davlat tomonidan erishilgan muvaffaqiyat qayd etildi. Jumladan, 2021 yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro savdo hajmi o‘tgan yilga nisbatan 46 foizga oshdi. Shu nuqtai nazardan Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim loyihasi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar o‘rganildi. Tomonlar hujjat yuzasidan kelishish hamda joriy yil davomida uning imzolanishini tezlashtirish maqsadida birgalikdagi sa’y-harakatlarni faollashtirishga qaror qildilar.

O‘zbekiston tomoni Pokistonning Tranzit va savdo to‘g‘risidagi bitimni ratifikatsiya qilganini olqishladi. Kelishuvni hayotga ro‘yobga chiqarish mexanizmlarini muvofiqlashtirish maqsadida yaqin vaqt ichida ikki mamlakat transport va bojxona idoralari rahbariyati va ekspertlari o‘rtasida muzokaralar tashkil etishga kelishib olindi.

Investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, shuningdek, bank sohasida munosabatlarni yo‘lga qo‘yish borasidagi takliflar alohida ko‘rib chiqildi. Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini hamda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishni muhokama qilish maqsadida Pokiston kompaniyalari va tijorat banklari rahbarlari delegatsiyasining shu yilning fevral oyida mamlakatimizga tashrifini tashkil etishga kelishib olindi.

Transport va logistika sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq masalalar ham ko‘rib chiqildi. Xususan, “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘lini qurish loyihasini amalda joriy etish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar muhokama qilindi. Bundan tashqari, ikki mamlakat o‘rtasida ikki tomonlama yuk va yo‘lovchi tashishni yanada faollashtirish dolzarbligi qayd etildi.

Muloqot, shuningdek, rejalashtirilgan bir qator ikki tomonlama tadbirlarni, jumladan, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyasining navbatdagi yig‘ilishini hamda ikki mamlakat xususiy sektori vakillari ishtirokida biznes-forumga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha chora-tadbirlarni muhokama qilish imkonini berdi.

Muzokaralar yakunida mushtarak maqsadlar borasidagi vazifalarni bajarish hamda ko‘rib chiqilgan hamkorlik yo‘nalishlarini ilgari surish doirasida qo‘shimcha kelishuvlarga erishildi.

 

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA