Munosabat

So‘nggi yillarda O‘zbekiston tashqi siyosatida ochiqlik, o‘zaro manfaatli hamkorlik va strategik sheriklik munosabatlarini chuqurlashtirish ustuvor yo‘nalishga aylanganligi hech kimga sir emas. Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Pokiston Islom Respublikasiga amalga oshirgan davlat tashrifini ikki mamlakat munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqqan tarixiy voqea sifatida e’tirof etish mumkin.
Xususan, Prezidentimiz Islomobod shahrida Pokiston tomonidan yuksak ehtirom va samimiy munosabat bilan kutib olindi. Pokiston Harbiy havo kuchlari qiruvchi uchoqlarining davlatimiz rahbari samolyotiga hamrohlik qilishi, “Nurxon” aeroportida faxriy qorovul saf tortishi va ikki davlat bayroqlarining ko‘tarilishi tashrifning alohida siyosiy ahamiyatga ega ekanini yaqqol namoyon etdi.
Davlat tashrifi doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev Pokiston Prezidenti Asif Ali Zardoriy, Bosh vazir Shahboz Sharif, shuningdek, Mudofaa kuchlari Bosh qo‘mondoni – Qurolli Kuchlarning quruqlikdagi qo‘shinlar qo‘mondoni, feldmarshal Asim Munir bilan o‘tkazgan muzokaralari ikki tomonlama munosabatlarning barcha ustuvor yo‘nalishlarini qamrab oldi.
Qolaversa, tashrifning eng muhim voqealaridan biri bu – O‘zbekiston – Pokiston Oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishidir. Ushbu tuzilmaning tashkil etilishi munosabatlarimiz institutsional asosda rivojlanib borayotgani, kelishuvlar izchil amaliy mazmun bilan boyitilayotganini anglatadi.
Muzokaralar chog‘ida so‘nggi yillarda o‘zaro aloqalarning jadallashgani alohida qayd etildi. Xususan, o‘zaro savdo hajmi 500 million dollarga yaqinlashdi, O‘zbekistonda Pokiston kapitali ishtirokidagi 230 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. Aviaqatnovlar soni ortib, banklararo hamkorlik mustahkamlanmoqda.
Ikki tomon yaqin kelajakda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollarga yetkazishni strategik maqsad sifatida belgilab oldi. Bu maqsadga erishish uchun Imtiyozli savdo bitimi doirasida tovarlar ro‘yxatini kengaytirish, fitosanitariya ruxsatnomalarini soddalashtirish, Lahor va Karachidagi O‘zbekiston savdo uylari imkoniyatlaridan keng foydalanish bo‘yicha aniq qarorlar qabul qilindi.
Shuningdek, transport va logistika masalalari ham diqqat markazida bo‘ldi. Transafg‘on temir yo‘li loyihasini amalga oshirish, “Pokiston – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” xalqaro transport yo‘lagini rivojlantirish Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi iqtisodiy bog‘liqlikni kuchaytirishda strategik ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimiz tashrif doirasida “Global sanoat va mudofaa yechimlari” kompaniyasi qarorgohiga tashrif buyurib, feldmarshal Asim Munir bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma o‘quv mashg‘ulotlari, tajriba almashish va mudofaa sanoati korxonalari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini faollashtirish masalalari muhokama qilindi. Yakunda, ikki mamlakat mudofaa vazirliklari o‘rtasida alohida “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu hujjat xavfsizlikka oid zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashishda sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston – Pokiston munosabatlarida madaniy-gumanitar hamkorlik ham alohida o‘rin tutadi. Islomobod shahridagi ko‘chalardan biriga Toshkent nomi berilishi, shuningdek, Zahiriddin Muhammad Bobur nomi bilan ataladigan bog‘ barpo etilishi xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik tarixiy, ma’naviy va madaniy rishtalarning yorqin ramzi bo‘ldi deyish mumkin.
Joriy yilda Pokistonda O‘zbekiston madaniyati haftaliklari va O‘zbekiston kinosi kunlarini o‘tkazish, Lahor shahrida Boburiylar merosiga bag‘ishlangan qo‘shma madaniyat markazini tashkil etish tashabbuslari ham ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamlaydi.
Shu bilan birga, Qo‘shma deklaratsiya va hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beruvchi 30 ga yaqin ikki tomonlama hujjatlar imzolandi. Ular iqtisodiyot, savdo, qishloq xo‘jaligi, fan-ta’lim, raqamli texnologiyalar, ekologiya, korrupsiyaga qarshi kurashish, favqulodda vaziyatlar va xavfsizlik sohalarini qamrab olgani bilan ahamiyatlidir.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Nishoni Pokiston” oliy ordeni bilan taqdirlanishi O‘zbekiston – Pokiston munosabatlarining yuksak ishonch va o‘zaro hurmatga asoslangan strategik darajaga ko‘tarilganligini namoyon etsa, Pokiston Milliy fan va texnologiyalar universitetining faxriy doktori va professori unvonlari berilgani esa davlatimiz rahbarining ta’lim, fan va innovatsiya sohalaridagi islohotlariga berilgan yuksak xalqaro e’tirofdir.
Umuman olganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqdi. Ushbu tashrif ikki mintaqa xalqlari uchun nafaqat bugungi kun, balki uzoq istiqbol uchun ham mustahkam siyosiy, iqtisodiy va madaniy poydevor yaratadi. Sababi, erishilgan kelishuvlar bevosita xalqlarimiz farovonligi, mintaqaviy barqarorlik va taraqqiyotga xizmat qiladi.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Ekologiya va atrof-muhitni
muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA