O‘zbekiston va Pokiston munosabatlari din, tarix va madaniyat mushtarakligiga asoslanadi. Asrlar davomida ikki mamlakat va xalq bir-birining ma’naviy, intellektual va madaniy yuksalishini boyitib kelmoqda. Bugungi kunda bu aloqalar tarixiy ildizlardan quvvat olib, yanada rivojlanmoqda.
Zahiriddin Muhammad Bobur, Muhammad Iqbol, Mirzo G‘olib kabi buyuk mutafakkir, shoirlar o‘lmas merosi, ma’rifiy qarashlari xalqlarimizni bog‘lovchi mustahkam ma’naviy ko‘prikdir.
Markaziy Osiyoning gultoji bo‘lgan diyorimizdagi qadimiy shaharlar ulug‘vorligi, abadiy ko‘rki va ajoyib me’morchiligi tarix bilan hamnafas. Ayniqsa, Samarqand va Buxorodan taralayotgan aqliy va ma’naviy hikmat Pokiston zaminida yashovchi xalqlar hayotini ham mudom munavvar etadi.
Filologlar ta’kidlashicha, o‘zbek va urdu tillarida 3 mingdan ortiq umumiy so‘z bor. Binobarin, bugungi O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi almashinuv ikki davlatning jahon xaritasida suveren hudud sifatida paydo bo‘lishidan ko‘ra ancha qadim va teran.
O‘zbekiston iqtisodiy, siyosiy salohiyati yil sayin o‘sib borayotgan Pokiston bilan sheriklikni rivojlantirishga alohida ahamiyat bermoqda. Ikki davlat rahbarlari sa’y-harakati tufayli aloqalarimiz ijobiy va barqaror rivojlanish sur’ati bilan ajralib turadi. Ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Ma’lumki, shu kunlarda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharifning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘lib turibdi.
O‘zA muxbiri “Dunyoga nazar” tahliliy dasturi orqalisiyosiy fanlar doktori, professor Sayfiddin Jo‘rayev va Markaziy Osiyo xalqaro instituti yetakchi ilmiy xodimi Ozod Tanbayevning O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish borasida qilinayotgan ishlar, Pokiston portlari orqali Markaziy Osiyoga ochilayotgan yo‘llar xususidagi fikri bilan qiziqdi.
Ko‘rsatuvni O‘zAning “YouTube” kanalida ko‘rishingiz mumkin.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/RbEZODxHjsg" title="O‘zbekiston – Pokiston: Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi strategik hamkorlik modeli" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>O‘.Alimov, I.Ismatov (videomuhandis), O‘zA