Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Pokiston: investitsiyaviy hamkorlik sanoatning qaysi tarmoqlarida yetakchi o‘rinni egallaydi?
12:44 / 2026-02-05

So‘nggi yillarda O‘zbekiston nafaqat an’anaviy savdo-iqtisodiy hamkorlar bilan, balki yangi eksport bozorlariga chiqishga qaratilgan yirik infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirishda muhim o‘rin tutayotgan mamlakatlar bilan ham hamkorlikni faollashtirdi.

Bunday davlatlar orasida Pokiston alohida o‘rin egallaydi. U Janubiy Osiyoda aholi soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadigan, iqtisodiy rivojlanish salohiyati yuqori bo‘lgan mamlakat bo‘lib, O‘zbekiston uning ishtirokida «transafg‘on temir yo‘l yo‘nalishi»ni barpo etish bo‘yicha yirik va istiqbolli loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

2022 yil mart oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Pokistonga rasmiy tashrifi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tashrif davomida strategik sheriklikni yanada rivojlantirish, shuningdek, savdo-iqtisodiy va gumanitar sohalarda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha o‘zaro niyatlar tasdiqlandi.

2025 yil fevral oyida esa Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi amalga oshirildi. Muzokaralar chog‘ida savdo, sanoat va transport sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish mexanizmlari muhokama qilindi hamda ikki mamlakat o‘rtasida Strategik sheriklik oliy kengashini tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi o‘zaro savdoda eng ko‘p qulaylik yaratish rejimi amal qiladi. Shuningdek, tomonlar o‘rtasida Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim hamda Tranzit savdosi to‘g‘risidagi bitim imzolangan.

2017-2025 yillar davomida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 12,2 barobarga oshib, 2025 yil yakunlariga ko‘ra 445,9 mln. dollarni tashkil etdi. Shu davrda O‘zbekistonning Pokistonga eksporti 32 barobarga o‘sib, 325 mln. dollarga yetdi, Pokistondan import esa 4,6 barobarga ko‘payib, 120,9 mln. dollarni tashkil qildi.

Eksport hajmining jadal o‘sishi natijasida O‘zbekistonning Pokiston bilan tashqi savdo saldosi 2019 yildan boshlab ijobiy ko‘rsatkichga o‘tdi.

2025 yilda O‘zbekiston eksporti tarkibi quyidagi yo‘nalishlardan shakllandi:

Oziq-ovqat mahsulotlari (quritilgan dukkakli sabzavotlar, yong‘oq va yeryong‘oq) — 260,2 mln. dollar (80 foiz);

Sanoat mahsulotlari (ip-kalava) — 21,2 mln. dollar (6,5 foiz);

Nooziq-ovqat xomashyosi — 13,2 mln. dollar (4,1 foiz);

Xizmatlar (asosan transport) — 30,1 mln. dollar (9,3 foiz).

2025 yilda Pokistondan import tarkibida asosiy ulush quyidagilar hissasiga to‘g‘ri keldi:

Oziq-ovqat mahsulotlari (go‘sht, kartoshka, sitrus mevalar) — 56,2 mln. dollar (46,5 foiz);

Kimyoviy mahsulotlar (dori-darmonlar, yuvish vositalari) — 45,3 mln. dollar (37,5 foiz);

Sanoat mahsulotlari — 6,4 mln. dollar (5,3 foiz);

Xizmatlar — 4 mln. dollar (3,3 foiz).

2026 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda Pokiston kapitali ishtirokida 208 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Shundan 18 tasi qo‘shma korxona, 190 tasi esa 100 foiz Pokiston kapitali asosida tashkil etilgan korxonalardir.

2017-2024 yillar davomida Pokistondan O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar va kreditlarning jami hajmi 62,5 mln. dollarni tashkil qildi. Bu mablag‘ning 47,4 mln. dollari 2024 yilning o‘zida jalb etilgan.

O‘zbekiston – Pokiston investitsiyaviy hamkorligi, asosan, qayta ishlash sanoati tarmoqlarida rivojlanmoqda. Xususan, oziq-ovqat, to‘qimachilik, charm-poyabzal, farmatsevtika yo‘nalishlari bilan birga, transport va logistika sohalari (jumladan, infratuzilma loyihalari) hamda AKT va injenerlik xizmatlarida ham qo‘shma tashabbuslar kengaymoqda.

O‘zbekiston va Pokiston, shuningdek Janubiy Osiyoning boshqa mamlakatlari o‘rtasida savdo hajmini oshirishga to‘sqinlik qilayotgan asosiy omillardan biri, to‘g‘ridan-to‘g‘ri temir yo‘l qatnovining mavjud emasligidir.

Shu bois, O‘zbekiston Pokiston ishtirokida «Mazori Sharif – Kobul – Peshovar» temir yo‘l liniyasini qurish loyihasini amalga oshirishdan manfaatdor. Ushbu loyiha mamlakatlar o‘rtasida qisqa va iqtisodiy jihatdan maqbul transport koridorini shakllantiradi. O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida o‘zaro savdo-sotiqni kengaytirish uchun qulay shart-sharoit yaratadi. Har ikki davlatning tranzit salohiyatini oshiradi. Markaziy va Janubiy Osiyo hududlarini qisqa transport yo‘lagi orqali bog‘laydi. Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun Pokistonning «Gvadar» va «Karochi» portlariga chiqish imkoniyatini ochadi.

Ma’lumot uchun, yuqoridagi statistik raqamlar va fikrlar Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining so‘nggi 9 yil davomida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik tahliliga asoslangan.

Mohigul Qosimova tayyorladi, O‘zA