Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Pokiston: ikki tomonlama hamkorlik
19:17 / 2025-09-19

Pokiston Islom Respublikasi Sanoat va ishlab chiqarish vaziri o‘rinbosari Saif Anju boshchiligidagi delegatsiya Buxoroda bo‘ldi. Viloyat hokimi Botir Zaripov delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda so‘nggi yillarda viloyatda davlat rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan yangilanishlar haqida so‘z bordi. Pokiston bilan ham o‘zaro manfaatli hamkorlik hududning investitsion va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatli ekanligi ta’kidlandi. Ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanligi, turizm, xizmat ko‘rsatish, charm va ipakni qayta ishlash, to‘qimachilik tarmog‘ini rivojlantirish va farmatsevtika bo‘yicha istiqbolli loyihalarni amaliyotga joriy etish borasida takliflar bildirildi. Shuningdek, viloyatdagi maxsus iqtisodiy zonalar faoliyati, ularda investorlar uchun berilayotgan imtiyozlar haqida ma’lumot berildi.

Tomonlar hamkorlikni chuqurlashtirish maqsadida viloyat bilan doimiy muloqotlar o‘rnatish, yaqin kunlarda esa kelishilgan tashabbuslarni amaliy jihatdan ko‘rib chiqishga kelishib oldi. Buning uchun Pokiston delegatsiyasini qo‘llab-quvvatlash va mintaqaning iqtisodiy salohiyatini chuqur o‘rganish bo‘yicha mas’ul xodim tayinlandi. Tahlillar asosida ishchi guruhlari tuzilib, kelgusida muzokaralar olib borish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi.

Delegatsiya “Buxoro sanoatni rivojlantirish kompleksi” maxsus sanoat parki bilan tanishtirildi. Shu yerda ikki hudud o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsion masalalar atroflicha muhokama etilib, istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib borildi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.