Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston–Pokiston: hamkorlikda o‘zaro manfaatli jihatlar ko‘p
13:08 / 2022-07-20

O‘zbekiston va Pokiston aloqalari juda chuqur va tarixiy ildizlarga ega. Biz – hozirgi avlod vakillari ajdodlardan qolgan ishonch asosida do‘stlik rishtalarini davom ettirmoqdamiz.

Pokiston va O‘zbekiston xalqlari aloqalariga uch jihatdan qarashimiz mumkin. Birinchisi, tarixiy-geografik jihatdan bog‘liqlikda, ikkinchisi, Beruniy, Muhammad Xorazmiy kabi qomusiy olimlar va ulardan meros qolgan bilimlarda, uchinchisi esa diniy-ma’rifiy jihatdan aloqadorlikda ko‘rinadi. Bundan tashqari, o‘zbek va urdu tillarida taxminan 3 mingdan ortiq umumiy so‘zimiz bor. Shuningdek, madaniyat va qadriyatlarimizda ham umumiylik ko‘p.

Ochig‘ini aytganda, O‘zbekistonga kelganimdan so‘ng mamlakatlarimizning bir ildizda rivojlanib borayotgani va bir-biri bilan bog‘liq jihatlarini yaqqol ko‘rdim. Bizning fikrlarimiz, qahramonlarimiz bir xil. Siz Pokistonda Bobur, Temur ismli insonlarni ko‘p uchratasiz. Pokistonliklar Samarqand, Buxoro kabi shaharlar haqida o‘qib, o‘rganib voyaga yetmoqda. Elchi sifatida O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotganimni o‘zim uchun katta baxt, deb hisoblayman. Chunki men ajdodlarimiz bog‘langan yurtdaman va bugun biz tarixiy aloqalarni davom ettirmoqdamiz.

Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda davlatlarimiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirdi. Bu, albatta, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Pokiston Bosh vaziri Imron Xonning birgalikdagi do‘stlik siyosati, umumiylikka asoslangan qarashlari natijasidir. Bugun yangi O‘zbekistonga asos solinayotgan bir paytda yangi Pokiston ham o‘z yo‘lini boshlagan. Ikki mamlakat hamkorligida manfaatli nuqtalar ko‘p. O‘zbekiston uchun ahamiyatli bo‘lgan masala – Janubiy Osiyodagi davlatlar bilan bog‘lovchi eng qisqa yo‘llar qurilishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu, o‘z navbatida, ikki davlat manfaatlariga birdek xizmat qiladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston, Pokiston va Afg‘oniston davlatlarini bog‘lashga da’vat etilgan temir yo‘lni qurish masalasidagi tashabbusi bu boradagi juda oqilona yondashuv bo‘ldi.

Ikki davlat tomonidan ham o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga yo‘naltirilgan samarali tadbirlar tashkil etib kelinmoqda. O‘zbekiston tadbirkorlari delegatsiyalarining Pokistonga bir necha marotaba safarlari iqtisodiy hamkorlikning yanada rivojlanishiga turtki bo‘lmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston va Pokiston munosabatlari kengayib, yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.

Ustuvor yo‘nalishlarning asosi sifatida birinchi navbatda, oliy va yuqori darajalardagi aloqalar yanada mustahkamlanayotganini ta’kidlab o‘tishim darkor. Keyingi ustuvor jihatlar o‘zaro savdo aloqalarida namoyon bo‘lmoqda. Ya’ni, O‘zbekiston Pokiston uchun Markaziy Osiyo bozoriga kirishda darvoza, shuningdek, Pokiston ham O‘zbekistonni boshqa davlatlar bilan bog‘lashda muhim yo‘l vazifasini o‘taydi.

Mamlakatlarimizning o‘zaro hamkorligida ikki tomonlama manfaatli jihatlar ko‘p. Jumladan, O‘zbekiston va Pokiston hamkorlikda ish ko‘rishining Afg‘onistondagi vaziyatga ham ijobiy ta’siri bor. Afg‘onistonning asosiy qo‘shnilari sifatida mamlakatlarimiz afg‘on zaminidagi ahvol barqarorlashuvida katta rol o‘ynaydi.

O‘zaro savdo aloqalari kengayishiga yo‘l ochilmoqda. Pokiston o‘z eshiklarini O‘zbekiston uchun ochgan va birgalikdagi tadbirlar qamrovi kengaymoqda. Yana bir ustuvor yo‘nalish turizm sohasidir. Boburiylardan qolgan me’moriy yodgorliklarni ko‘rish, albatta, har bir o‘zbekistonlik uchun qiziqarli, deb o‘ylayman.

Davlatlarimiz va xalqlarimizning o‘zaro bir-birini anglashi, bir-birini qo‘llab-quvvatlashi aloqalarimizni yangi bosqichga olib chiqadi. Bu esa biz uchun va bizdan keyingi avlodlar uchun har tomonlama yorqin kelajakni qurishga asos bo‘ladi.



Sayid Ali Asad Giloniy,

Pokistonning O‘zbekistondagi

Favqulodda va Muxtor elchisi