Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Pokistonning "Juniper Global International LLC" kompaniyasi rahbari Abdul Majid Jan bilan uchrashdi.
Muloqot davomida Pokiston hududida qoramollarni boqish, xalqaro hamda O‘zbekiston talablari asosida so‘yish, go‘sht mahsulotlarini qayta ishlash va qadoqlash, shuningdek tayyor mahsulotni O‘zbekistonga eksport qilishga qaratilgan loyiha yuzasidan atroflicha muzokaralar olib borildi.

Loyihani amalga oshirish jarayonida logistika masalalari, yetkazib berish yo‘nalishlari va muddatlari, veterinariya-sanitariya talablariga rioya etish, mahsulot sifati hamda xavfsizligini ta’minlash mexanizmlari, shuningdek transport-logistika bilan bog‘liq jihatlar muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida tomonlar mazkur yo‘nalishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, aniq taklif va hisob-kitoblarni ishlab chiqish hamda loyihani amaliy bosqichga o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Qayd etilishicha, ushbu tashabbus O‘zbekistonning go‘sht mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, import manbalarini diversifikatsiya qilish hamda ikki davlat o‘rtasida agrosanoat sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA