“O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyatidagi davlat ulushining xususiylashtirilgani bo‘yicha xabarlar tarqaldi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mazkur xususiylashtirish jarayonlarida ochiqlik va shaffoflik qanday ta’minlangani yuzasidan Davaktiv agentligiga taqdimnoma kiritdi.
Qayd etilishicha, “O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyatidagi davlat ulushining xususiylashtirilishi bilan bog‘liq e’lon qilingan materiallar asosida milliy pochta aloqa operatoridagi davlat ulushining xususiylashtirilishiga oid ochiqlangan ma’lumotlar va sohaga oid qonunchilik talablari o‘rganilgan.
Jumladan, davlatimiz rahbarining tegishli farmoni bilan “O‘zbekiston pochtasi” aksiyadorlik jamiyati transformatsiya qilinadigan yirik davlat korxonalari ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, tashkilotning 29,4 foiz davlat ulushi ommaviy savdolarga chiqariladigan aksiyalar paketi (ulushi) ro‘yxatidan joy olgan.
Amaldagi qonunchilik hujjatlarida davlat aktivlarini xususiylashtirish shaffoflik va qonuniylik, hisobdorlik, teng raqobat muhitini ta’minlash, shuningdek, korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaslik kabi prinsiplarga asoslanishi belgilab qo‘yilgan.
Xususan, “Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, davlat organlari xususiylashtirilayotgan davlat mulki haqidagi ma’lumotlardan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan usullarda erkin foydalanish imkoniyatini yaratishi shart.
Ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar ro‘yxatida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar hamda davlat unitar korxonalari ro‘yxatini (davlat ulushi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda) Ochiq ma’lumotlar portaliga joylashtirishi va har chorakda yangilab borishi belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 28 oktyabrdagi 572-son qaroriga binoan davlat mulki ob’ektlari to‘g‘risidagi axborotlarni portalga joylashtirmasdan savdoga chiqarishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Yuqoridagilarga muvofiq, Davaktiv agentligiga davlat aktivlari realizatsiya qilinishida amaldagi qonunchilik talablari, xususan, xususiylashtirish jarayonlarida ochiqlik va shaffoflik prinsiplariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash yuzasidan taqdimnoma kiritildi.
N.Abduraimova, O‘zA