Xitoy Xalq Respublikasining Urumchi shahrida 26 iyun kuni “Ipak yo‘lining yangi imkoniyatlari, Yevroosiyo korporatsiyasi uchun yangi voqelik” shiori ostida sakkizinchi “Xitoy – Yevroosiyo” xalqaro ko‘rgazmasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur tadbirda faxriy mehmon sifatida O‘zbekiston, Qirg‘iziston Bosh vazirlari, Tojikiston, Qozog‘iston Bosh vazirlarining o‘rinbosarlari, shuningdek, 40 dan ortiq xorijiy davlatlar hukumat vakillari ishtirok etdi.
So‘zga chiqqanlar Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni Xitoyning Markaziy Osiyoga darvozasi hisoblanishi, bunday formatdagi tadbir o‘zaro hamkorlikni izchil va mantiqiy davom ettirishda muhim platforma bo‘lib xizmat qilishini ta’kidladi.
[gallery-17996]
Urumchi shahrida har ikki yilda ananaviy o‘tkazib kelinayotgan ushbu ko‘rgazmada 70 ta davlat o‘z paviloni bilan qatnashmoqda.
– Shuni ta’kidlash o‘rinliki, mamlakatimiz bunday formatdagi nufuzli ko‘rgazmada ilk bor alohida stend hamda 200 dan ortiq tadbirkorlar bilan ishtirok etmoqda, – deydi O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov. – O‘zbekiston milliy stendi 180 metr kvadrat maydonda milliylik bilan zamonaviylik uyg‘unlashgan holda tashkil etilgan. Unda yurtimiz sanoati, geologiya, elektrotexnika, qurilish materiallari, kimyo, farmatsevtika, turizm, IT, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari namoyish etilmoqda.
“Xitoy – Yevroosiyo” xalqaro ko‘rgazmasi mamlakatlarning turli sohalardagi salohiyatini namoyish etish, xorijlik sarmoyadorlarni milliy iqtisodiyotga jalb qilish, yangi hamkorlarni topish va istiqbolli kelishuvlarga erishishda muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Xalqaro ko‘rgazma joriy yilning 30 iyuniga qadar davom etadi.
O‘zA