2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida parlamentarizm sohasidagi ilg‘or xalqaro amaliyotni joriy etish vazifasi belgilangan.
Mazkur jarayonda xalqaro hamkorlik, parlament diplomatiyasi muhim ahamiyatga ega. Shu nuqtai-nazardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Yevropa Ittifoqining “Inter Pares” global dasturi o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha loyiha tatbiq etilmoqda.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joiz, “Inter Pares” – Yevropa Ittifoqining parlamentarizmni mustahkamlash bo‘yicha global dasturi bo‘lib, Demokratiya va saylovga ko‘maklashish xalqaro instituti (IDEA) tomonidan Yevropa Ittifoqiga hamkor mamlakatlar parlamentlarining ekspert ko‘magida amalga oshiriladi.
Poytaxtimizda mazkur loyihaning rasmiy boshlanishiga bag‘ishlangan anjuman o‘z ishini boshladi. Unda senatorlar, “Inter Pares” global dasturi vakillari, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari, Vengriya, Slovakiya, Fransiya Germaniya, Kipr, Chexiya, Litva kabi mamlakatlarning milliy parlamentlari vakillari hamda Yevropa Ittifoqiga a’zo bir qancha davlatlarning diplomatik korpusi vakillari ishtirok etdi.
Loyihada ishtirok etayotgan 17 davlatning qonun chiqaruvchi organi orasida O‘zbekiston Oliy Majlisi Markaziy Osiyo mintaqasi va butun MDH makonidagi mamlakatlardan yagona parlamentga aylandi.
Anjumanda Senat Raisi Tanzila Norboyeva Oliy Majlisning xalqaro hamkorligi, xususan, Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlar parlamentlari bilan aloqalar konstruktiv ruhda rivojlanib borayotgani, munosabatlarni amaliy loyihalar bilan boyitish muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
– O‘zbekiston Yevropa Ittifoqini asosiy xalqaro hamkor, deb biladi, – dedi T.Norboyeva. – Biz parlament diplomatiyasi sohasidagi sa’y-harakatlarni izchil amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga tayyormiz. Anjuman yakunlari bo‘yicha parlament salohiyatini yanada rivojlantirish va rolini kuchaytirish bo‘yicha foydali tavsiyalar ishlab chiqiladi, shuningdek, ilg‘or amaliyotlar va tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘lamiz.
Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari Sharlotta Adrian “Inter Pares” loyihasining Markaziy Osiyo davlatlari orasida aynan yagona hamkor sifatida O‘zbekiston parlamenti bilan amalga oshirilayotganiga to‘xtaldi. Bu mamlakatda jamiyatni demokratlashtirish, inson huquqlarini ta’minlash, majburiy mehnatga barham berish va boshqa yo‘nalishlardagi islohotlar va ularning natijalari bilan izohlanishini ta’kidlab o‘tdi.
Sh.Adrian Oliy Majlis Senati tajribasi Parlamentlararo ittifoqning genderga yo‘naltirilgan parlamentlari reytingida tan olingan yetakchi, shuningdek, jamiyatda gender tengligini keng targ‘ib qilishga namuna bo‘lganiga alohida e’tibor qaratdi.
Anjuman sessiyalarga bo‘lingan holda o‘z ishini davom ettirdi. Ularda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi parlamentlarining faoliyat ko‘lamidan kelib chiqib, parlament funksiyalariga amaldagi yondashuvlar va hamkor mamlakatlar parlamentlari tajribasi o‘rganildi.
Shuningdek, xalqaro hamkorlar Senat faoliyatiga to‘xtalib, parlamentning yuqori palatasida masofaviy ishlashda o‘ziga xos yondashuvlar mavjudligi, hududlar palatasi sifatida senatorlar ko‘p vaqtlarini hududlarda, o‘zlari saylangan saylov okruglarida o‘tkazishlari, mazkur tajriba dunyoning aksariyat parlamentlarida uchramasligini e’tirof etdi.
Anjumanning ikkinchi kunida ishtirokchilar mahalliy byudjet ijrosini nazorat qilish, “elektron parlament” tizimini joriy etish, gender tenglikni ta’minlash, yoshlar bilan ishlash kabi mavzularda o‘zaro fikr almashadi.
N.Abduraimova, O‘zA