French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston para atletlarining Paraosiyo o‘yinlaridagi yuksak g‘alabalari
22:16 / 2023-10-28

Xitoyning Xanchjou shahrida nufuzli musobaqa – IV Paraosiyo o‘yinlari yakunlandi. Ushbu yirik sport anjumanida qit’amizning qirqdan ziyod davlatidan para sportchilar g‘oliblik uchun bahslashdi.

Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi 11 sport turi bo‘yicha 108 nafar para sportchilar bilan ishtirok etdi. Sportchilarimiz 25 ta oltin, 24 ta kumush va 30 ta bronza, jami 79 ta medalni qo‘lga kiritdi. E’tiborlisi, bu O‘zbekiston delegatsiyasining Paraosiyo o‘yinlari tarixida medallar soni bo‘yicha eng yaxshi natijasi bo‘ldi.

Paralimpiyachilarimizning bu yuksak g‘alabasi xalqimizga cheksiz g‘urur-iftixor bag‘ishlashi, mamlakatimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, avvalo, inson va uning manfaatlari uchun xizmat qilishi, shu yurtda yashayotgan har bir fuqaroning millati, dini, irqi va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar, huquq va erkinliklari to‘la ta’minlanayotganini namoyon etgani shubhasiz.  

Mamlakatimizda xalqimizning tinch-osuda, farovon va baxtli hayot kechirishi, ezgu maqsadlarini ro‘yobga chiqarishi, buyuk kelajagimiz bunyodkorlari bo‘lgan yoshlarimizning bilim olishi, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanib, o‘z iqtidor va salohiyatini namoyon qilishi uchun keng imkoniyat va zarur sharoitlar yaratildi.

Bu jarayonda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami, jismoniy imkoniyati cheklangan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, moddiy va ma’naviy ko‘mak berish, bilim olishi, salomatligini mustahkamlashi, o‘z qiziqish va intilishiga mos kasb-hunar egallashi, sport bilan shug‘ullanishi uchun doimiy e’tibor qaratilmoqda.  

Hayot sinovlarini mardonavor yengib o‘tib, ko‘zlagan maqsadi sari dadil qadam tashlaydigan, irodasi mustahkam, sabr-toqat, shijoat va matonat bobida ko‘pchilikka o‘rnak bo‘la oladigan insonlarning sa’y-harakati, erishayotgan natijalari har qancha tahsinga loyiq.  

Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tgan “Paraosiyo – 2022” musobaqalarida O‘zbekiston sportchilarining intilishi, g‘alabaga bo‘lgan yuksak ishonchi ularning erishgan natijalarida yaqqol namoyon bo‘ldi. Paralimpiyachilarimiz Vatanni madh etish, uning obro‘-e’tiborini yuksaltirishdek ezgu maqsadini, farzandlik burchini chin dildan ado etdi.

O‘zbekiston paralimpiyachilarining mazkur nufuzli musobaqaga puxta tayyorgarlik ko‘rishida davlatimiz rahbarining  “2023 yilda Xanchjou shahrida (Xitoy) bo‘lib o‘tadigan XIX yozgi Osiyo va IV Paraosiyo o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida»gi qarori muhim dasturilamal bo‘ldi.  

Qarorga ko‘ra, sportchilarimizning zamonaviy me’yorlar asosida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazishi, tajriba va mahoratini oshirishi, Paraosiyo o‘yinlarida munosib qatnashishi uchun barcha shart-sharoit yaratildi.

Xanchjouda o‘tgan mazkur nufuzli musobaqada qirqdan ziyod mamlakatdan faqat 28 tasining sportchilari shohsupaga ko‘tarildi, shundan 24 davlat vakillari oltin medalga sazovor bo‘ldi.  

Ular orasida esa O‘zbekiston delegatsiyasi 25 ta oltin jamg‘ardi. Bu ko‘rsatkich, bu yutuqlar mamlakatimizda sportni rivojlantirish borasida davlatimiz rahbari tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor, yurtimizda iste’dod sohiblari har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotganining amaliy samaralaridir.

Sportchilarimizning yengil atletika bahslarida erishgan natijalari ham tahsinga loyiq. Ushbu sport turi bo‘yicha nafaqat qit’amizda, balki jahonda yetakchilardan biri sifatida e’tirof etiladigan paralimpiyachilarimiz 12 oltin, 8 kumush va 10 bronza medalni qo‘lga kiritib, bu e’tirof tasodif emasligini yana bir karra isbotladi.  

Shuningdek, "Xanchjou-2022"ning para kanoe bo‘yicha musobaqalarida ilk bor ishtirok etgan O‘zbekiston para kanoe terma jamoasi umumjamoa hisobida 6 ta oltin medal jamg‘argan holda birinchi o‘rindan joy oldi.

Umuman olganda, O‘zbekiston paralimpiyachilari IV Paraosiyo o‘yinlarida o‘z mahorati, matonati va shijoatini to‘la namoyon etib, Vatanimiz sharafini munosib himoya qildi.  

Sportchilarimiz kelajakdagi nufuzli musobaqalarda, jumladan, 2024 yili Fransiyaning Parij shahrida o‘tadigan Paralimpiya o‘yinlarida bundan-da yuksak g‘alabalarga erishib, xalqimiz ishonchini oqlashiga ishonamiz.

 

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA