Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston - o‘zaro ishonchga asoslangan g‘oyalar tashabbuskori
20:42 / 2022-12-13

Poytaxtimizda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ijodiy va ilmiy ziyolilarining XV forumi bo‘lib o‘tdi.

Unda mamlakatimiz hamda MDH davlatlarining  fan, ta’lim, madaniyat va san’at sohasi faollari ishtirok etdi.  

Keyingi yillarda yurtimizda kechayotgan yangilanish jarayonlari xalqaro aloqalarni mutlaqo yangicha asosda yo‘lga qo‘yishda ham o‘z ifodasini topmoqda. Bu jihatlar O‘zbekistonning yaqin va qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro ishonchga asoslangan, ochiq va konstruktiv, do‘stona hamkorlik aloqalarni mustahkamlashida yanada yorqinroq ko‘zga tashlanmoqda. 

Poytaxtimizda Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ijodiy va ilmiy ziyolilari XV forumining mavzusi – «Gumanitar hamkorlik – o‘ttiz yillik tajriba va rivojlanish istiqbollari» zamonaviy voqelikni hisobga olgan holda, hamkorlik rejalarini muhokama qilish hamda uning ustuvor yo‘nalishlari va shakllarini belgilashni nazarda tutadi. 

Ishchan va amaliy ruhda o‘tgan mazkur forumda O‘zbekiston rahbariyati  Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlarining o‘zaro hamkorligini kengaytirish va ravnaq toptirish uchun zarur barcha imkoniyatlarni safarbar etganini yuksak baholadi. 

Forum ishtirokchilari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi va g‘oyasi asosida MDH mamlakatlari orasidagi o‘zaro do‘stlik, hamkorlik rishtalari yangilanayotgan O‘zbekistonning islohotlari shiddatiga mos tarzda yangi pog‘onaga olib chiqilgani alohida e’tirof etildi. Darhaqiqat, o‘tgan yillar davomida nainki mamlakatimiz, balki jahonda kechgan murakkab pandemiya sharoitiga qaramay, MDHga a’zo davlatlar o‘rtasida turli ijtimoiy-gumanitar, madaniy-ma’rifiy loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Ular madaniyat, ta’lim, sayyohlik, sport, fan-texnika kabi sohalarni o‘ziga qamrab olgani bilan ahamiyatlidir.

Aytish joizki, ushbu yo‘nalishdagi forumlar gumanitar masalalarda MDHga a’zo davlatlarning o‘ziga xos "tashrif qog‘ozi"ga aylandi. 

Umuman olganda, mazkur yo‘nalishdagi forumlar yangi tashabbuslar va gumanitar hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilish uchun yillik platformadir. Ular madaniyatlarni boyitish, gumanitar aloqalarni rivojlantirish, hamdo‘stlik davlatlari o‘rtasida o‘zaro tushunish va hamkorlikni mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda. 

Mazkur forum doirasida davlatlararo “Hamdo‘stlik yulduzlari” hamda “Debyutlar hamdo‘stligi” mukofotlari sovrindorlari taqdirlandi. MDHga a’zo davlatlar yoshlar simfonik orkestrining konserti bo‘lib o‘tdi. 

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ijodiy va ilmiy ziyolilarining XV forumi yakuniga ko‘ra, hamkorlikdagi amaliy ishlar atroflicha sarhisob qilindi. Yaqin istiqboldagi vazifalar belgilanib, forumning rezolyutsiyasi qabul qilindi. Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston bugungi murakkab davrda o‘zaro hurmat va ishonchga, hamjihatlikka, tinchlik va bunyodkorlikka asoslangan g‘oyalar tashabbuskori sifatida xalqaro maydonda o‘zini namoyon etayotgani mazkur forum faoliyati misolida  ham yana bir karra o‘z tasdig‘ini topdi.

Nazokat USMONOVA, O‘zA muxbiri