O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarini asrlar davomida mustahkam tarixiy, madaniy va ma’naviy rishtalar bog‘lab kelgan. Bugun ikki davlat mustaqilligi va jadal rivojlanishi sharoitida o‘zaro aloqalar tobora kengaymoqda.
O‘zbekiston va Ozarbayjon 1991 yilda mustaqillikka erishganidan buyon o‘zaro hurmat, strategik sheriklik, qardoshlik va hamjihatlikka asoslangan munosabatlarni yo‘lga qo‘ydi.
1995 yil 2 oktyabrda diplomatik munosabatlarning o‘rnatilishi ikki tomonlama aloqalar tarixida muhim voqea bo‘ldi. 1997–1998 yillarda Toshkent va Bokuda elchixonalarning ochilishi faol siyosiy, iqtisodiy va gumanitar hamkorlik boshlanishiga zamin yaratdi. O‘sha paytda ikki mamlakat rahbarlari Islom Karimov va Haydar Aliyevning, bugungi kunda esa Shavkat Mirziyoyev va Ilhom Aliyevning shaxsiy ishtiroki o‘zaro aloqalarni mustahkamlash va yaxshi qo‘shnichilik an’analarini saqlashda muhim rol o‘ynadi.
Ikki tomonlama munosabatlarda madaniy-gumanitar hamkorlik alohida o‘rin tutadi. 2023 yilda Ozarbayjon umummilliy yetakchisi Haydar Aliyev tavalludining 100 yilligi munosabati bilan Toshkent shahrida “Ozarbayjon — O‘zbekiston” do‘stlik muzeyining ochilishi birodarlik rishtalarimizning yorqin timsoli bo‘ldi. Muzey ekspozitsiyasi boy tarixga ega o‘zaro hamkorlik va xalqlarimizning ma’naviy yaqinligi haqida hikoya qiladi. O‘sha yili avgust oyida Ozarbayjonning Fuzuliy shahrida 960 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan Mirzo Ulug‘bek nomidagi maktabning qurilishi ham muhim voqea bo‘ldi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilgan ushbu ijtimoiy loyiha Ozarbayjonning ozod etilgan hududlarini tiklashda Toshkent tomonidan ko‘rsatilgan chinakam hamjihatlik va qo‘llab-quvvatlashning ifodasi bo‘ldi.
Madaniy almashinuvlar davlatlararo muloqotning muhim qismi bo‘lib qolmoqda. 2024 yilda Boku shahrida O‘zbekiston madaniyati kunlari, Toshkentda esa Ozarbayjon madaniyati kunlari o‘tkazilgani ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamladi. Yoshlar uchun tashkil etilayotgan tashabbuslar ham alohida e’tiborga loyiqdir. Jumladan, forumlar, ta’lim dasturlari, talabalar almashinuvi va boshqa qo‘shma loyihalar avlodlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlab, kelgusi hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratishga xizmat qilmoqda.
Madaniy aloqalarni yanada rivojlantirishda O‘zbekistondagi Ozarbayjon milliy madaniyat markazining ham alohida o‘rni bor. Markaz tomonidan Ozarbayjon an’analarini saqlash va madaniy merosni keng targ‘ib etishga qaratilgan ko‘plab tashabbuslar hayotga tatbiq etib kelinmoqda.
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stlik — bu shunchaki diplomatik sa’y-harakatlar natijasi emas, balki mushtarak qadriyatlar, tarixiy qardoshlik va umumiy taraqqiyot sari intilishga asoslangan chuqur ma’naviy aloqadir. Vaqt sinovidan o‘tgan bu do‘stlik barqaror va o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun mustahkam asos bo‘lib qolmoqda.
Mobil Mamedov,
O‘zbekistondagi Ozarbayjon
milliy madaniyat markazi raisi.