Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Ozarbayjon sog‘liqni saqlash dekadasi – hamkorlikning yorqin namunasi
17:12 / 2023-10-04

Xabar berganimizdek, shu yil 2 oktyabrdan mamlakatimizda O‘zbekiston – Ozarbayjon sog‘liqni saqlash dekadasi boshlandi.

SSV matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Ozarbayjondan tashrif buyurgan tibbiyotning yettita yo‘nalishi bo‘yicha o‘nlab yetakchi tibbiyot mutaxassislari, soha olimlari ishtirokida yurtimizdagi qator davolash muassasalarida kattalar va bolalarda 100 dan ortiq yuqori texnologik, kam invaziv operatsiyalar bepul o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 

Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Bolalar milliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika perinatal markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislari hamkorligida hududlarda yuqori texnologiyalarga asoslangan murakkab amaliyotlar o‘tkaziladi.

Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida dekada doirasida ilk qo‘shma operatsiya ozarbayjonlik xirurg-travmatolog ishtirokida laparoskopik yo‘l bilan buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi.

– Xabaringiz bor, Ozarbayjon milliy yetakchisi Geydar Aliyev tavalludining 100 yilligi munosabati bilan O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash dekadasi tashkil etildi, – deydi xirurg-transplantolog Kamran Beydullayev. – Buning uchun Ozarbayjondan mamlakatingizga bir guruh malakali mutaxassislar tashrif buyurdi. Biz bu yerda o‘zbekistonlik hamkasblarimiz bilan o‘zaro bilim va tajriba almashyapmiz. Xirurgiya markazida laparoskopiya yo‘li bilan buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini bajardik. Umuman olganda so‘ngi 4-5 yilda O‘zbekiston tibbiyotida ro‘y bergan ulkan ijobiy o‘zgarishlar bizni cheksiz quvontirdi.

Namangan viloyati Pop tumanida yashovchi 47 yoshli Ixtiyor Yusupov bir necha yildan buyon surunkali piyelonefrit xastaligidan aziyat chekib keladi. Ayni paytda Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida. O‘tkazilgan biokimyoviy tekshiruvlardan so‘ng fuqaroda azotemiya belgilari borligi ham aniqlangan. Bemor ma’lum muddat gemodializ muolajasini olgan. Biroq bu ham dardiga to‘liq shifo bo‘lmagach, unga buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti tavsiya etilgan. 

– Bu men uchun yangi hayotga qaytishdir, – deydi bemor Ixtiyor Yusupov. – Shifokorlarimizga rahmat. Tibbiyotimizning rivojlanganini o‘zim misolimda ko‘ryapman, his qilyapman. Hammasi yaxshi bo‘lib ketishiga ishonaman. 

– Hindistonga borish kerak deyishdi, – deydi bemorga donorlik qilgan 58 yoshli akasi Abdusalom Yusupov. – Amaliyotni o‘zimizda bajarish imkoniyati yaratilganidan mamnunmiz. 

Ta’kidlash lozimki, bunday murakkab amaliyotlarni bajarishda ilg‘or texnologiyalar, laborator tahlillar, puxta tayyorgarlik muhim ahamiyat kasb etadi. Ammo jarrohlarning yuksak mahorati asosiy omil hisoblanadi. Markaz mutaxassislari esa bu borada yetarli ko‘nikma va tajribaga ega bo‘lib, so‘nggi besh yilda 200 ga yaqin buyrak ko‘chirish amaliyotlarini bajardi. 

– Ilk bor Ozarbayjon mutaxassislari bilan bizning mutaxassislarimiz buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini bajardi, – deydi Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Saidmurod Ismoilov. – O‘ylaymanki, mutaxassislarimizning ularga o‘rgatadigan, ularning mutaxassislaridan esa  o‘rganadiganlarimiz bor. Shunday ekan, ushbu dekada ikki tomonlama foyda keltiradi. 

Hozir donorning ham, retsedentning ham ahvoli yaxshi. Ular shifokorlarning doimiy kuzatuvi ostida. Umuman ushbu dekada doirasida o‘zaro hamkorlikda qo‘shma amaliyotlar, mahorat darslari, kam invaziv xirurgiya va transplantologiya, oftalmologiya, onkologiya, ginekologiya, travmatologiya kabi qator yo‘nalishlar bo‘yicha maslahatlashuvlar bo‘lib o‘tadi. 

Tabiiyki, bu mamlakatlarimiz mutaxassislarining o‘zaro bilim va tajriba almashishi, ular o‘rtasida do‘stona munosabatlarning mustahkamlanishiga xizmat qiladi. 

Shuningdek, dekada davomida ozarbayjonlik mehmonlar O‘zbekiston tibbiyotidagi transformatsiya jarayonlari bilan yaqindan tanishib, o‘zbekistonlik hamkasblari bilan tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 

Yakunda ikki davlat sog‘liqni saqlash vazirlari, tizim mas’ullari va yetakchi tibbiyot muassasalari rahbarlari ishtirokida poytaxtimizda O‘zbekiston – Ozarbayjon tibbiyot forumi o‘tkaziladi. 

Unda sohani raqamlashtirish, farmatsevtika, xalq tabobati, tibbiy ta’lim va ilm-fan sohalarida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama etilib, ikki tomonlama memorandum va shartnomalar imzolanishi rejalashtirilgan. 

Binobarin, dekada doirasida o‘zbekistonlik jami 100 nafar mutaxassis, ya’ni 50 nafar shifokor hamda 50 nafar o‘rta tibbiyot xodimini Ozarbayjonga malaka oshirish va qayta tayyorlash uchun yuborish masalasi yuzasidan kelishuvga erishilishi kutilmoqda. 

Mohigul Qosimova, O‘zA