Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston – Ozarbayjon: qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari tovar aylanmasi qariyb 5 barobar oshdi
17:04 / 2023-08-16

Keyingi yillarda O‘zbekiston va Ozarbayjon davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar mustahkamlanib, bu barcha sohalar rivojida o‘z natijasini ko‘rsatmoqda. Birgina qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari tovar aylanmasi o‘tgan besh yilda 5 barobarga oshgan.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari Darya Ilina bunday yutuqlarni islohotlarga bog‘lar ekan, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik va savdo-sotiq har ikki mamlakatning barqaror rivojlanishini ta’minlashda muhim o‘rin tutayotgani hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, tajriba va texnologiyalar almashinuvi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash bilan birga, qishloq xo‘jaligi sohasi samaradorligini oshirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.

– UN Comtrade (BMTning tovarlar savdosi statistikasi bo‘yicha ma’lumotlar bazasi) ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining tovar aylanmasi 2021 yildagiga nisbatan 2 barobarga oshgan holda 40,8 million AQSH dollarini tashkil etdi, – deydi fikrini davom ettirib D.Ilina. – Umuman olganda, 5 yil davomida mamlakatlar o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari tovar aylanmasi qariyb 5 barobar oshdi. 2022 yilda O‘zbekistonning Ozarbayjonga qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti 35,1 million dollarni tashkil etdi.

O‘zbekistonning asosiy qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti tamaki va tamaki o‘rnini bosuvchi sanoat mahsulotlari, mayiz, oddiy loviya, yeryong‘oq, tozalangan yong‘oq, shokolad va tarkibida kakao bo‘lgan mahsulotlar edi. 2022 yilda Ozarbayjondan O‘zbekistonga qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlari importi 5,7 million dollarni tashkil qildi. O‘zbekiston asosan funduk, bodom va boshqa o‘simlik yog‘lari, shokolad va tarkibida kakao bo‘lgan mahsulotlar, alkogolsiz ichimliklar, hayvonlar uchun ozuqa mahsulotlari, beda urug‘i va boshqalarni import qiladi.

2022 yil iyulda bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkiloti qishloq xo‘jaligi vazirlarining birinchi yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston va Ozarbayjon qishloq xo‘jaligi vazirlari qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik bo‘yicha "yo‘l xaritasi"ni imzoladi. “Yo‘l xaritasi”da ikki mamlakatning qishloq xo‘jaligini sug‘urtalash tizimi, raqamlashtirish, mamlakat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, ipakchilik sohasida qo‘shma korxona tashkil etish va boshqa masalalar bo‘yicha tajriba almashish o‘z ifodasini topgan. O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini subsidiyalash va qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish sohasida Ozarbayjon tajribasini qo‘llash imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.

Funduk va urug‘siz anor yetishtirish, pilla, paxta yetishtirish kabi yo‘nalishlarda ham yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilmoqda. 2022 yilda O‘zbekistondan Ozarbayjonga uzum, loviya, yeryong‘oq, shuningdek, bir necha navli paxta urug‘lari jo‘natildi. O‘z navbatida, Ozarbayjondan O‘zbekistonga funduk ko‘chatlarini jo‘natish rejalashtirilgan. 2023 yil yanvar oyida Toshkentdan Boku aeroportiga quritilgan va sarxil mevalarni Xalqaro avtomobil transporti tizimi orqali birinchi elektron tashuv muvaffaqiyatli amalga oshirildi.  Ipak ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma klaster yaratish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.

Albatta, bunday hamkorlikni yanada mustahkamlashda O‘zbekiston  tomoni yangi g‘oya va loyihalar ustida ishlashi hamda amaliyotga tatbiq etishi maqsadga muvofiq. Deylik, mamlakatimiz hududida anorni birgalikda chuqur qayta ishlashni, meva va rezavor mevalarni birgalikda qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma funduk plantatsiyalarini yaratish, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini raqamlashtirishga ozarbayjonlik mutaxassislarni jalb qilish va fermerlar uchun elektron kabinetlarni shakllantirish tajribasini o‘rganish, suvni tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha tajriba almashish va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish bu borada muhim qadam bo‘ladi.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri