Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston-Ozarbayjon: parlamentlararo hamkorlik mustahkamlanmoqda
15:55 / 2022-05-27

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi strategik hamkorlik aloqalari barcha sohada faollashdi, yanada rivojlanib, mustahkamlandi.

O‘zbekiston hamda Ozarbayjon tarixi, bu — bizning millatlarimiz tarixi. Uni ikki do‘st millat vakillari juda yaxshi biladi. Yosh avlod ongu shuuriga bu tarixni, mushtarak madaniyatni yanada chuqur singdirish ham bizning vazifamiz. Mustahkamlanib borayotgan o‘zaro hamkorlik aloqalarimiz shu maqsadga erishishimizda o‘z samarasini berishiga ishonamiz.

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlaridan iborat delegatsiyasining Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Parlament Assambleyasi uchinchi konferensiyasida qatnashish uchun Ozarbayjonga qilgan tashrifini shu nuqtai nazardan baholagan bo‘lardik.

Tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasining parlament a’zolari Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev qabulida bo‘ldi. Uchrashuv ko‘tarinki va samimiy ruhda o‘tdi.

Mamlakatimiz rahbari Ilhom Aliyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni har doim qardoshi, birodari sifatida e’tirof etadi. O‘zbekistonning dadil siyosati turkiy Ozarbayjonni ham ilhomlantiradi.

Oxirgi yillarda ikki mamlakat davlat rahbarlarining siyosiy irodasi, ko‘p yillik oqilona siyosati tufayli hamkorlik munosabatlarimiz sifat jihatidan yangi darajaga chiqdi.

Jumladan, parlamentlararo hamkorlik faollashdi. Ozarbayjon va O‘zbekiston qonun chiqaruvchi organlari vakillari o‘rtasidagi o‘zaro tashriflar hamda xalqaro parlamentlararo tuzilmalardagi aloqalar mazkur sohadagi hamkorlikka keng yo‘l ochdi.

Umuman, O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy, demokratik yangilanishlar va parlamentarizmni rivojlantirish sohalaridagi islohotlar, shuningdek, xalqaro miqyosdagi tashabbuslarni yuqori baholaymiz.

O‘zbekiston va Ozarbayjon parlamentlari o‘rtasida yaqin hamda ko‘p qirrali sheriklik yo‘lga qo‘yilgani ham ushbu ijobiy natijalarga xizmat qilmoqda. Buni yanada rivojlantirish uchun ikki mamlakat qonun chiqaruvchi organlarining tizimli aloqalarini mustahkamlash zarur. Ayni paytda parlamentlar O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlarining bevosita vakillari sifatida «xalq diplomatiyasi»ni ilgari surish, shu jumladan, hududlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, iqtisodiy hamda gumanitar loyihalarni qo‘llab-quvvatlashda muhim o‘rin tutishi kerak.

Bu murakkab ish emas. Nazarimda, o‘zbeklar va ozarbayjonlarning milliy tabiati katta o‘xshashlikka ega. O‘zbek xalqi hamda Ozarbayjon xalqining madaniyati umuminsoniy qadriyatlarga tayanadi: insonparvarlik, adolat, an’analarga sadoqat, bag‘rikenglik, taraqqiyot hamda farovonlikka intilish; tillarimiz umumiy ildizli, bizning muqaddas dinimiz islom — tinchlik va yaxshilik dini, qolaversa, mentalitetlarimiz ham o‘xshash: oilaparvarlik, ona Vatanga muhabbat, jamiyat oldida qarzdorlik hissi va boshqalar.

Mamlakatlarimiz ko‘p millatli, bu yerda turli etnoslar, xalqlar va diniy konfessiyalar vakillari istiqomat qiladi. Kelajak avlod farovonligi yo‘lida ikki tomonlama munosabatlarni yanada mustahkamlash hamda kengaytirishimiz kerak. Xalqlarimiz bir-biri haqida ko‘proq narsa bilishlari uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz. Buni asosiy vazifa sifatida ko‘rib, bu xayrli ish yo‘lida bor kuchimizni beramiz.

Men parlamentlararo hamkorlik izchil rivojlanayotgani, ikki davlat qonun chiqaruvchi organlarida do‘stlik guruhlari faoliyat ko‘rsatayotganligini alohida tilga olmoqchiman. Biz deputatlar oldida yuqori darajadagi ikki tomonlama kelishuvlarning amalga oshirilishini ta’minlash, shu jumladan, parlamentlarning savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar hamda boshqa sohalardagi qo‘shma loyihalarni huquqiy jihatdan ta’minlash bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish vazifasi turibdi.

Shuningdek, parlamentlarning mutasaddi qo‘mitalari va komissiyalari o‘rtasida yaqin aloqalarni o‘rnatish, parlament delegatsiyalari o‘zaro tashriflarini kengaytirish ham maqsadga muvofiq.

E’tiborli jihati, O‘zbekiston Ozarbayjonning hududiy yaxlitligi va suverenitetini doim qo‘llab-quvvatlab keladi. Bundan biz minnatdormiz, albatta.

O‘zbekistonlik deputatlar bilan uchrashuvi chog‘ida Ilhom Aliyev Fuzuliy shahrida O‘zbekistonning Ozarbayjon xalqiga tuhfa sifatida zamonaviy umumta’lim maktabi qurib berish haqidagi qaror uchun O‘zbekiston Prezidentiga alohida minnatdorlik bildirdi.

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti Parlament Assambleyasining uchinchi Bosh konferensiyasi «Pandemiyadan keyingi davrdagi hamkorlik: muammolar va qayta tiklanish imkoniyatlari» mavzusiga bag‘ishlandi. Ushbu Konferensiya ham IHTga a’zo davlatlar parlamentlari birgalikda ko‘rayotgan sa’y-harakatlar doirasida bo‘lib o‘tgani e’tiborga molik.

Anjumanda 2021 yil 28 noyabrda Turkmanistonning Ashxabod shahrida Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining o‘n beshinchi sammitida a’zo mamlakatlar rahbarlari tomonidan erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha parlamentlarning yanada faol ishtirok etishi lozimligiga alohida urg‘u berildi. Bosh konferensiyaning yakuniy hujjati — Boku deklaratsiyasi qabul qilindi.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi delegatsiyasining Ozarbayjon Respublikasiga amalga oshirgan do‘stona tashrifi ikki qardosh davlatlar o‘rtasida keng qamrovli siyosiy-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni, parlamentarizm yo‘nalishidagi hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qilishi, shubhasiz.

Ganira PASHAEVA,

Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisining Madaniyat masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi, Ozarbayjon-O‘zbekiston parlamentlararo aloqalar bo‘yicha ishchi guruhining a’zosi