Qadimiy va go‘zal Xiva shahrida Birinchi O‘zbekiston-Ozarbayjon parlamentlararo forumi bo‘lib o‘tmoqda.
“Yangi imkoniyatlar sari: muloqotdan hamkorlikdagi harakatlargacha” mavzusida o‘tayotgan nufuzli anjuman ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, parlamentlararo muloqotni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgan.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi arafasida o‘tkazilayotgan anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Ozarbayjon Respublikasi Milliy Mejlisi a’zolari hamda ikki mamlakatning yoshlar parlamentlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmoqda.

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Birinchi O‘zbekiston-Ozarbayjon parlamentlararo forumi – bu nafaqat tarixiy voqelik, balki ikki davlat parlamentlararo hamkorligini yangi bosqichga olib chiquvchi muhim platforma ekanini e’tirof etdi. Mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanish va Parlamentlararo komissiya tashkil etish orqali ikki tomonlama aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishimiz zarur. Ushbu forum O‘zbekiston tashqi siyosati ochiqlik, do‘stlik va barqaror taraqqiyotga yo‘naltirilganining yana bir yorqin dalilidir.

Ozarbayjon Milliy Mejlisi Raisi Sahiba Gafarova davlatlarimiz rahbarlarining siyosiy irodasiga asoslangan, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlikka tayangan parlamentlararo formatda hamkorlikning yangi sahifasi ochilayotganini ta’kidladi. Parlamentlarimiz yangi formatda davlatlararo munosabatlarni chuqurlashtirish va har tomonlama rivojlantirishga turtki beradi. Qonunchilik, biznes va iqtisodiyot chorrahasida turgan mavzu – kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, mamlakatlarimizdagi sarmoyaviy muhitni yaxshilash. Bu, nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy barqarorlikka ham bevosita daxldor masalalardir. Bu masalalarni hal etish esa parlamentlar oldida turgan eng muhim vazifalardan biri.
Forumda do‘stlik guruhlari faoliyatini kengaytirish, ularni parlamentlararo komissiyalar darajasiga olib chiqish, qo‘shma qonunchilik tashabbuslari ishlab chiqish, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash, raqamli transformatsiya va ekologiya kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni rivojlantirish kabi masalalar muhokama qilinmoqda.
Shuningdek, hududiy vakillik organlari o‘rtasida tajriba almashish mexanizmini joriy etish, parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash va ijtimoiy, iqtisodiy rivojlanishdagi turli yondashuvlarning samaradorligini oshirish uchun muhim qadam hisoblanadi. Bu tashabbus mahalliy darajadagi qonunchilik organlari orasida bilim va tajriba almashishga, muammolarni hal qilishda yangicha qarashlar va ishlash usullarini tatbiq etishga imkon beradi. Natijada har bir hududda ijobiy o‘zgarishlar yaratish uchun qulay shart-sharoitlar yaratiladi.
Forum doirasida o‘tkaziladigan panel sessiyalar ham shunga qaratilgan. Ular orasida parlamentlar roli, qonun ijrosini nazorat qilish, biznes va investitsiya muhitini yaxshilash, raqamli islohotlar, madaniyat va turizm sohalaridagi aloqalar, atrof-muhitni muhofaza qilish hamda ayollar va yoshlarning jamiyatdagi o‘rni kabi mavzular keng muhokama etiladi.
Norgul Abduraimova,
Bekzodbek Saidov (surat),
O‘zA