Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbekiston-Ozarbayjon: oliy ta’lim muassasalari hamkorligi yanada mustahkamlanadi
21:08 / 2025-07-03

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga asosan ayni kunda Ozarbayjon Respublikasida bo‘lib turibdi.

Prezidentimizning Ozarbayjonga safari shubhasiz, o‘zbek va ozar xalqlari o‘rtasidagi asrlar osha davom etib kelayotgan do‘stlik, qardoshlik, yaqin hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Ochiq aytish kerak, tashrifning o‘zidayoq ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlashga xizmat qiladigan qator tadbirlarning bo‘lib o‘tganligi xalqlarimizning bir-biriga yaqin, maqsad va intilishlari mushtarak, ishonchli ittifoqchi va strategik sherik ekanligini ko‘rsatadi. Xususan, davlat tashrifi doirasida davlat rahbarlari ishtirokida mamlakatimizning Boku shahridagi elchixonasi yangi binosining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Boku shahrining "Oq shahar" mavzesida "O‘zbekiston" bog‘ini barpo etishga tamal toshi qo‘yildi. 

Shuningdek, hamkorlik bo‘yicha muzokaralar, Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishining muhim qarorlari qabul qilindi. Ayniqsa, Ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi shartnomani 2025-2029 yillarda amalga oshirish bo‘yicha "yo‘l xaritasi", Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim, Fan, kasb-hunar va oliy ta’lim sohalarida hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim, Toshkent viloyati va Sumgait shahri, Navoiy va Gabala shaharlari o‘rtasida birodarlik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi kelishuvlar, Kemachilik va kemasozlik sohasida hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma singari o‘nlab hujjatlarning imzolanganligi, shuningdek, Birinchi Parlamentlararo forum, Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi, hududlar va rektorlar forumlari, siyosiy maslahatlashuvlar, qator madaniy tadbirlarning o‘tkazilganligi davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash va yanada yuqori bosqichga ko‘tarishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Shu o‘rinda keyingi yillarda O‘zbekiston va Ozarbayjon oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik tobora kengayib va mustahkamlanib borayotganligini alohida ta’kidlash joiz. Jumladan, yaqinda universitetimiz, ya’ni Andijon davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Ozarbayjon Respublikasi Fan va ta’lim vazirligi hamkorligida “O‘zbekiston – Ozarbayjon: oliy ta’lim sohasida hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari” mavzusida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston –Ozarbayjon oliy ta’lim muassasalari rektorlari I forumi fikrimga bir misoldir. 

Mazkur forumda O‘zbekiston va Ozarbayjon oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha 50 dan ortiq shartnoma va kelishuvlar imzolandi. 

Birgina bizning universitetimiz forumda professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini rivojlantirish, ularning malaka va tajribasini oshirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini joriy etish, texnoparklar tashkil etish, ilmiy-tadqiqot loyihalarini birgalikda amalga oshirish hamda akademik almashinuv jarayonlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Ozarbayjonning nufuzli oliy ta’lim muassasalari – Ozarbayjon texnologiya universiteti, Boku davlat universiteti, Ozarbayjon davlat iqtisodiyot universiteti, Naxchivan davlat universiteti, Ozarbayjon texnika universiteti hamda Sumgait davlat universiteti bilan hamkorlik shartnomalarini imzoladi.

Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimizning Ozarbayjon Respublikasiga safari, safar davomida erishilgan kelishuvlar boshqa sohalar qatori ikki davlat oliy ta’lim muassasalari hamkorligini yanada mustahkamlash, avval erishilgan shartnoma va kelishuvlar doirasidagi ishlarni samarali amalga oshirish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi. 

Baxtiyorjon AKBARALIEV,

Andijon davlat universiteti rektori.

O‘zA